
O‘zbekistonda «yashil» elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 10 mlrd kWhdan oshdi
O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali 10 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

8-dekabr kuni soat 17:00 da navbatdagi rekord qayd etildi. Hozirgi vaqtda mamlakatda quyosh va shamol elektrostansiyalarining umumiy o‘rnatilgan quvvati 5582 MWni tashkil etadi. Oxirgi bir yarim oy ichida ishga tushirilgan yangi loyihalar hisobiga umumiy quvvat 900 MWga oshgan. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
So‘nggi bir yarim oy mobaynida qo‘shimcha 1 mlrd kWh «yashil» energiya ishlab chiqildi. Bundan oldingi ko‘rsatkich — 9 mlrd kWh — 22-oktabr kuni qayd etilgan edi.
Qayta tiklanuvchi manbalar hisobiga mamlakat 2,7 mlrd kub metr tabiiy gazni tejadi. Shuningdek, atmosferaga chiqadigan zararli moddalarning 4,4 mln tonna oldi olindi.
Gidroelektrostansiyalar hisobga olinganda, 8-dekabr soat 17:00 da O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining umumiy hajmi 16 mlrd kWhga yetdi.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, bu ko‘rsatkich mamlakatdagi 6,6 mln iste’molchining yillik ehtiyojiga to‘liq to‘g‘ri keladi.
Qiyos uchun, 2022 yilda Navoiy va Samarqand viloyatlarida ishga tushirilgan dastlabki fotoelektr stansiyalar 434 mln kWh energiya ishlab chiqargan. 2023 yilda bu hajm 576,9 mln kWhni, 2024 yilda esa 4,86 mlrd kWhni tashkil etgan.





