
O‘zbekistonda yer va mulk solig‘i birlashtirilishi mumkin
06.07.2025 | 12:308693
2026 yildan O‘zbekistonda xususiy mulk egalari uchun yer va mulk soliqlari birlashtirilishi mumkin. Bu orqali soliq tizimini soddalashtirish va mulkka yagona yondashuv joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekistonda xususiy mulk egalari uchun yer va mulk soliqlarini birlashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev 5 iyul kuni Tijorat-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Sherzod Kudbiyevning so‘zlariga ko‘ra, yerni xususiylashtirgan fuqarolar ushbu yerni shaxsiy mulki sifatida foydalanmoqda. Shu sababli, kelgusida bu mulk uchun alohida yer solig‘i emas, balki umumiy mulk solig‘i to‘lanishi mumkin.
«Agar siz yerni xususiylashtirgan bo‘lsangiz, u allaqachon sizga tegishli mulkka aylangan. Shuning uchun bu kabi hollarda faqat mulk solig‘i to‘lanishi to‘g‘ri bo‘ladi», — dedi Soliq qo‘mitasi rahbari.Auditorlardan biri ikki karra soliq to‘lash xavfi haqida savol berganida, Sherzod Kudbiyev bunday holat yuz bermasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, hozircha bir paytning o‘zida yer va mulk solig‘i birgalikda undirilmagan. Ushbu o‘zgarishlar 2026 yildan amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, mulk soliqlari bozor qiymati asosida hisoblanishi bo‘yicha ish olib borilayotgani ham ma’lum qilindi.





