
O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 7,8 foizgacha pasaydi
2025 yil oktabr oyida inflyatsiya 0,6 foizni tashkil etdi. Yillik hisobda esa narxlar o‘sishi 7,8 foizgacha pasaydi — bu o‘tgan yilga nisbatan 2,4 foiz punktga kam.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oktyabrda inflyatsiya darajasi 0,6 foizni tashkil etib, sentyabrdagi ko‘rsatkich bilan bir xil bo‘ldi. Bu 2024 yil oktyabridagi 0,8 foizlik ko‘rsatkichdan ancha past.
Yil boshidan — yanvar-oktabr davrida inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etdi. Yillik inflyatsiya 7,8 foiz darajasida qayd etilgan bo‘lib, bir oyda 0,2 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 2,4 foiz punktga pasaydi.
Meva va sabzavotlar narxlari hisobga olinmaganda, inflyatsiya oktyabrda 0,5 foiz, yillik hisobda esa 8,6 foiz bo‘ldi.
Oy davomida asosiy mahsulotlardan tuxum (4,1 foiz), suyakli qo‘y va mol go‘shti (1,7 foiz), sut (1,2 foiz) hamda o‘simlik yog‘i (0,8 foiz) narxlari o‘sdi. Sabzavot va mevalardan eng katta qimmatlashish pomidor (61,1 foiz), bodring (58,2 foiz), baqlajon (11,3 foiz) hamda bulg‘or qalampiri (10,6 foiz) da kuzatildi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari 0,4 foizga, xizmatlar esa 0,3 foizga qimmatladi. Yillik hisobda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 5,8 va 8,7 foizni tashkil etdi.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori oylik inflyatsiya Andijon viloyatida (0,9 foiz) qayd etildi. Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida eng past daraja — 0,5 foiz bo‘ldi.
Yil boshidan beri narxlar eng ko‘p Qoraqalpog‘iston va Farg‘onada (6,2 foiz), eng kam Toshkent shahrida (5,1 foiz) o‘sdi. Yillik inflyatsiya bo‘yicha Farg‘ona viloyati peshqadam (8,6 foiz), eng past ko‘rsatkich esa Jizzaxda (7,1 foiz) qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi 9 oyda 4 foizga o‘sganligi haqida xabar





