Logo

O‘zbekistonda zargarlik buyumlari raqamli markirovkalanishi mumkin

Bugun 12:023 daqiqa

Mamlakatda zargarlik buyumlarini raqamli markirovkalash bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilinmoqda. Tizim har bir buyum harakatini kuzatish imkonini beradi.

O‘zbekistonda zargarlik buyumlari raqamli markirovkalanishi mumkin © Bloomberg

O‘zbekistonda qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan tayyorlangan zargarlik hamda boshqa buyumlarni bosqichma-bosqich majburiy raqamli markirovkalash rejalashtirilmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasi qarorining Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan loyihasida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, tashabbusning asosiy maqsadi zargarlik buyumlari aylanmasi ustidan hisob va nazoratni kuchaytirish, noqonuniy savdoni cheklash hamda iste’molchilarni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashdan iborat.

Sinov bosqichi boshlanadi

Loyihada qayd etilishicha, tajriba loyihasi Vaqtinchalik nizom asosida 2027-yil 30-dekabrga qadar amalga oshiriladi. Shundan so‘ng tizim bir necha bosqichda majburiy tarzda joriy qilinadi.

2028-yil 1-iyulgacha majburiy markirovkalash tartibini belgilaydigan alohida normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

2029-yil 1-yanvardan zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari va importchilari uchun raqamli markirovkalash majburiy bo‘lishi taklif etilmoqda. Shu yilning 1-aprelidan esa mazkur talab chakana savdo subyektlariga ham tatbiq etiladi.

«Asl belgisi» orqali kuzatiladi

Loyihada raqamli markirovkalash operatori sifatida «Asl belgisi» milliy axborot tizimi operatori — «CRPT TURON» MCHJ belgilanishi ko‘zda tutilgan. Barcha ma’lumotlar ushbu tizimda saqlanadi va qayta ishlanadi.

Tajriba-sinov bosqichida «Gold Moon Tashkent», «Sofizar», «Merrit Jewellery» va «Termez Gold Production» ishtirok etadi. Ularga markirovka kodlari bepul beriladi, ammo zarur uskuna va dasturiy ta’minotni o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qiladi.

Sinov davrida markirovkalash talablarini buzgan ishtirokchilarga huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilmasligi taklif etilgan.

Vaqtinchalik nizomga ko‘ra, ishtirokchilar «Asl belgisi» tizimida ro‘yxatdan o‘tishi, elektron raqamli imzoga ega bo‘lishi hamda elektron hujjat aylanmasi uchun zarur infratuzilmani yaratishi lozim.

Har bir zargarlik buyumi yoki uning birkasiga GS1 DataMatrix formatidagi ikki o‘lchovli shtrix-kod joylashtiriladi. Ishlab chiqaruvchilar kodni ishlab chiqarish jarayonida, importchilar esa mahsulot mamlakatga kiritilishidan oldin yoki bojxona rasmiylashtiruviga qadar qo‘llaydi.

Markirovkalangan mahsulotlarning harakati «Asl belgisi» tizimi orqali kuzatiladi. Iste’molchilar esa «Asl belgisi» va «Soliq» mobil ilovalari orqali mahsulotning haqiqiyligini tekshirishi, uning kelib chiqishi haqida ma’lumot olishi hamda aniqlangan nomutanosibliklar yuzasidan xabar yuborishi mumkin bo‘ladi.

Hujjat loyihasining jamoatchilik muhokamasi 21-iyulga qadar davom etadi.

Markirovkalash tizimi haqida

O‘zbekistonda mahsulotlarni raqamli markirovkalash va kuzatib borish tizimi 2019 yildan bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Dastlab tamaki va alkogol mahsulotlari, keyinchalik dori vositalari hamda maishiy texnika ushbu tizimga kiritildi. Raqamli markirovkalashning yagona operatori sifatida «CRPT Turon» faoliyat yuritadi.

Kompaniya Rossiyadagi «Chestniy znak» milliy markirovkalash tizimini boshqaruvchi Perspektiv texnologiyalarni rivojlantirish markazi ishtirokida tashkil etilgan. Hozirda uning aksiyalari «Digital Holding» va Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli. «Digital Holding» esa tadbirkor Alisher Usmonov bilan bog‘liq kompaniyalar nazoratida hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-iyuldan raqamli markirovka tizimida yangi talablar kuchga kirishi haqida ma’lumot берgaн edik.

Yangi tartibga ko‘ra, markirovka qilingan tovarlarni sotishda elektron hisobvaraq-fakturalar va onlayn kassa tizimlari orqali qo‘shimcha avtomatik nazorat mexanizmlari joriy etiladi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda zargarlik buyumlari raqamli markirovkalanishi mumkin | Vaqt.uz