
O‘zbekistonda zo‘ravon shaxslar uchun majburiy psixokorreksion dastur joriy etiladi
O‘zbekistonda zo‘ravonlik sodir etgan yoki unga moyil bo‘lgan shaxslar psixologlar ishtirokida maxsus tuzatuv dasturlarini majburiy tarzda o‘tashlari shart qilib qo‘yiladi. Bu chora ularning xatti-harakatini o‘zgartirish va kelgusidagi tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 15 iyul kungi qaroriga ko‘ra, har bir holat uchun alohida ishlab chiqiladigan korreksion dasturlar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Dastur doirasida shaxsning shaxsiy rivojlanishidagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan psixologik-pedagogik ta’sir – psixokorreksiya ham amalga oshiriladi.
Dastur muddati bir oygacha bo‘lishi mumkin. Uning bajarilishi mahalliy hokimiyat organlari, mehnat, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, mahalla faollari hamda xotin-qizlar va yoshlar ishlari bo‘yicha tuzilmalar tomonidan ta’minlanadi. Dasturga davlat muassasalarida ro‘yxatdan o‘tgan psixologlar yoki grantlar asosida jalb etilgan mutaxassislar jalb qilinadi.
Ichki ishlar vazirligiga 1 oktyabrga qadar korreksion dasturlar ishlab chiqishda ishtirok etadigan psixologlar ro‘yxatini shakllantirish topshirildi. Bu mutaxassislarni ta’lim va sog‘liqni saqlash vazirliklari har olti oyda taklif etib boradi.
Agressor uchun tuzilgan ish rejasi profilaktika inspektori tomonidan ikki ish kuni ichida tuzilib, «Inson» markazi bilan kelishiladi va tuman hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
Dasturni o‘tash jarayoni to‘g‘risidagi ma’lumotlar «E-ijtimoiy profilaktika» axborot tizimidagi «E-tuzatish dasturi» moduliga kiritiladi.





