
O‘zbekistondan olib borilgan 21 tonna qovun Qirg‘izistonga kiritilmadi
25.08.2025 | 13:4529373
Qirg‘iziston chegarasida 21 tonna qovun fitosanitariya talablari buzilgani uchun to‘xtatildi va O‘zbekistonga qaytarib yuborildi.

Qirg‘izistonning O‘simliklarni kimyolashtirish, himoya qilish va karantin departamenti xodimlari «Do‘stlik» nazorat-o‘tkazish punktida orqali qovunlarni olib kirishda fitosanitariya talablari buzilganini aniqlagan. Bu haqda Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumot berdi.
O‘nga ko‘ra, «Do‘stlik» nazorat-o‘tkazish punktida O‘zbekistondan O‘shga olib borilayotgan qovunlar tekshirilganda qoidabuzarlik aniqlangan. Yuk hujjatlarida ko‘rsatilmagan holda qovunlar somon ustida tashilgani ma’lum bo‘lgan.
Mutaxassislar somon fitosanitar xavfi yuqori bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga kirishini, uning orqali ambroziya, achchiqmiya va zarpechak kabi zararli o‘tlar urug‘lari tarqalishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bois, bunday mahsulotlarni olib kirish uchun tegishli hujjatlarda qayd etish va xavfsizlikni tasdiqlash talab qilinadi.
Aniqlangan holatdan so‘ng, nazoratchilar barcha 21 tonna qovunni yuboruvchiga qaytarishga qaror qilgan. Vazirlikka ko‘ra, bu O‘zbekistondan kelgan qovunlarning Qirg‘izistondan qaytarilishi bilan bog‘liq ilk voqea emas.
Joriy yil fevral oyida ham 14 tonna qovun somon ustida tashilgani sababli kiritilmagan edi. Mazkur holat mamlakatlar o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosida fitosanitariya talablariga qattiq rioya qilish zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.





