
O‘zbekistondan Yevropaga ishga borish uchun viza olish osonlashishi mumkin
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi o‘rtasida muzokara o‘tkazildi.

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayevning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi mintaqaviy direktori Radim Zak bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida Yevropa mamlakatlariga ishga borayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talablarini soddalashtirish va ushbu jarayonni yanada tizimli qilish masalalari keng muhokama qilindi.
Tomonlar migratsiya siyosatini takomillashtirish, Yevropada ehtiyoj yuqori bo‘lgan sohalar uchun mutaxassislar tayyorlash dasturlarini kengaytirish va markazning ta’lim platformalarida o‘zbekistonlik kadrlar ishtirokini oshirishga kelishib oldilar. Tashkilot hukumatlararo hujjatlarni tezlashtirilgan tartibda kelishishda ko‘mak berishga tayyorligini bildirib, Yevropa mehnat bozori talablariga mos kvalifikatsiyani oshirish dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda.
Uchrashuvda Shvetsiyadan qaytgan fuqarolarni barqaror reabilitatsiya va jamiyatga qayta integratsiya qilish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ham muhokama etildi. Bu yo‘nalishda BOMCA-11 mintaqaviy dasturi doirasidagi amaliy natijalar alohida qayd etildi.
Shuningdek, tadbirda Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazining O‘zbekistonda to‘laqonli vakolatxonasi ochilishi ma’lum qilindi. Radim Zak muhokama qilingan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni kuchaytirish niyatini tasdiqladi.
Ma’lumot uchun, Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi 1993 yilda Avstriya va Shveysariya tomonidan tashkil etilgan hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 21 ta a’zo davlatni birlashtiradi.





