
O‘zbekistonga olib kelingan falastinliklarga doimiy ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi
14.08.2025 | 23:3927874
Moliyaviy yordam, uy-joy ijarasi xarajatlari va shaxsiy ijtimoiy xizmatlar to‘liq davlat tomonidan qoplanadi.

OʻzA xabariga ko‘ra, Prezident farmoni bilan O‘zbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolar uchun bir qator ijtimoiy yordam choralari joriy etildi. Unga asosan, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa fuqarolarga davlat nafaqasi tayinlanadi.
Qayd etilishicha, mehnatga layoqatli yoshdagi har bir shaxs (I va II guruh nogironligi bo‘lganlardan tashqari) uchun har oy minimal iste’mol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi to‘lanadi. Shuningdek, har bir oilaga uy-joy ijara xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.
Falastinlik mehmonlarga farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa va dafn uchun to‘lanadigan yordam puli O‘zbekiston fuqarolari uchun belgilangan miqdorda amalga oshiriladi. Har bir oilaga birlamchi zaruriy nooziq-ovqat mahsulotlari to‘plamini xarid qilish uchun qo‘shimcha ko‘tarma pul ajratiladi.
Mehmonlar farzandlari davlat bolalar bog‘chalariga bepul qabul qilinadi. Ota-onalar 2028 yil 1 yanvargacha bog‘cha xizmatlari uchun to‘lovdan ozod etiladi. Bolalar davlat bog‘chalari va maktablariga «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarining talabnomasi asosida navbatsiz qabul qilinadi.
Shuningdek, ijtimoiy himoya milliy agentligi qoshida maxsus jamg‘arma tashkil etiladi. Tuzilma mehmonlar ehtiyojlarini qondirish va ularga ko‘maklashish uchun moliyaviy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, har bir oilaga mahalladagi bir nafar ijtimoiy xodim biriktirilib, ularning ehtiyojlari va individual talablarini ta’minlash maqsadida shaxsiy hamrohlik va yordam ko‘rsatiladi.
Farmonda ta’kidlanishicha, so‘ngi paytlarda Falastindagi vaziyat jahon hamjamiyatining diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo aholisining to‘rtdan bir qismi ochlikka yaqin sharoitda yashayapti. 100 mingga yaqin ayollar va bolalar to‘yib ovqatlanmaslikning og‘ir shaklidan aziyat chekmoqda va shoshilinch davolanishga muhtoj.





