add

O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 32 foizga oshdi

20.05.2025 | 17:4743743

2025 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 3,3 milliard dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32 foizga ko‘p, deb xabar beradi Markaziy bank.

O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 32 foizga oshdi
Markaziy bankning pul-kredit siyosatiga oid sharhiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–mart oylarida xorijdan amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi 3,3 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Solishtirish uchun, 2024 yilning birinchi choragida ushbu ko‘rsatkich 2,5 milliard dollarni tashkil qilgan. Ushbu o‘sishning asosiy sabablari sifatida mehnat migrantlari oqimining ortishi va hamkor davlatlarda, xususan, Rossiyada milliy valyutalarning mustahkamlanishi ta’kidlanmoqda. Jumladan, yanvar va fevral oylarida qariyb 1 milliard dollardan mablag‘ yuborilgan bo‘lsa, mart oyida bu ko‘rsatkich 1,2 milliard dollarga yetgan — bu oylik ko‘rsatkichlar orasida eng yuqori darajalardan biridir. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar mamlakatdagi valyuta tushumlari va ichki iste’mol bozoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ishchi migrantlar faol bo‘lgan davlatlarda ish haqi va ishchi kuchiga talabning ortishi ham pul o‘tkazmalari o‘sishida muhim rol o‘ynagan. Shu munosabat bilan, Markaziy bank 2025 yil uchun pul o‘tkazmalari bo‘yicha o‘sish prognozini 10–12 foizdan 15–18 foizgacha qayta ko‘rib chiqdi. Shu bilan birga, ekspertlar global iqtisodiy sekinlashuv va hamkor mamlakatlardagi valyuta kurslarining o‘zgaruvchanligini xavf omili sifatida qayd etmoqda. Ma’lumot uchun, 2024 yil yakunida O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 14,8 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, bu 2023 yilga nisbatan 30 foizga yoki 3,4 milliard dollarga ko‘pdir.

Teglar

Mavzuga oid