
O‘zbekistonlik hamshiralar 2800 yevrodan boshlangan maosh bilan Germaniyada ishlashga taklif qilinmoqda
27.05.2025 | 19:4536673
Germaniyadagi «RecruitMed» kompaniyasi O‘zbekistonning turli hududlaridan 50 nafar tajribali hamshirani ishga taklif qilmoqda. Nomzodlarga 12 oylik til kurslari, vizani rasmiylashtirish va boshqa imtiyozlar taklif etiladi.

Germaniyaning «RecruitMed GmbH & Co. KG» kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda 50 nafar hamshira uchun vakansiya e’lon qildi. Bu haqda agentlikning «Xorijda ish» Telegram kanali orqali ma’lum qilindi.
Taklif etilayotgan ish o‘rinlariga nomzodlardan quyidagilar talab etiladi:
– hamshiralik sohasida kamida 1 yillik ish tajribasi;
– 18−40 yosh oralig‘ida bo‘lish;
– sudlanmagan, sog‘lom bo‘lish;
– texnikum (3 yillik) yoki oliy ta’lim (bakalavr) diplomiga ega bo‘lish.
Qabul qilinganlarga avvalgi bosqichda 2800 yevro maosh belgilangan bo‘lib, malakaning Germaniyada tasdiqlanishidan so‘ng bu ko‘rsatkich 3300 yevrogacha oshishi mumkin. Uy-joy ijarasi va ovqatlanish xarajatlari ishchi hisobidan qoplanadi.
Tanlab olingan mutaxassislar uchun Termiz va Nukus shaharlarida 12 oylik nemis tili kurslari, vizani rasmiylashtirish, aviachipta, transfer va Germaniyada ishga joylashish bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.
Qo‘shimcha imtiyozlar qatorida yashash joyini topishda ko‘mak, 13-oylik maosh, tibbiy sug‘urta va mehnat ta’tili kabi shartlar ham nazarda tutilgan.





