add

O‘zbekistonlik MMA jangchisi Shahzod Gold Uzoqov bezorilikda ayblanib, qo‘lga olindi

10.09.2025 | 18:4018415

Taniqli MMA jangchisi Shahzod Gold Uzoqov bezorilikda ayblanib, Toshkentda hibsga olingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda uning akasi Oyatullo Uzoqov ma’lum qildi.

O‘zbekistonlik MMA jangchisi Shahzod Gold Uzoqov bezorilikda ayblanib, qo‘lga olindi
«So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ukam haqida turli gap-so‘zlar tarqalmoqda. Shunday chiqishlardan birida ukamga bir necha modda bo‘yicha ish ochilgani haqida aytishibdi. Yo‘q, ukamga Jinoyat kodeksining faqat bir moddasi – 277 (bezorilik – tahr) bilan ish ochilgan. O‘zi hozir «Toshturma»da (Zangiota tumanidagi tergov hibsxonasi – tahr) saqlanmoqda. Bizdan hol-ahvol so‘rab turgan barchaga rahmat», – dedi sportchining akasi.
Shahzod Uzoqovning o‘zi esa bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilib, O‘zbekistonga qaytayotgani hamda mamlakatga qaytsa, uni qo‘lga olishlari mumkinligi haqida gapirib bergandi.
«2024 yil 5 noyabr kuni Toshkentda paytim bir janjalli vaziyatga tushib qoldim. Mening aybim o‘sha paytda, o‘sha joyda bo‘lib qolganim. Ko‘chada urush bo‘lib ketdi, lekin men hech kimni urmaganman. Keyin o‘sha bolalar yozib berishgan. Bir muddat o‘tib men professional faoliyat uchun Tailandga ketdim. Tailandga ketishim bilan meni aybdor qilib qo‘yishdi. Buni Shahzod qilgan, degan gap tarqatishgan. Aybim — avval sudlanganim. Vaqt o‘tdi, yaqinlarimni sog‘indim. Onamni Tailandga ham chaqirib oldim. Lekin... Yoshligimdan men baribir chempion bo‘laman va xalqimga xizmat qilaman, degan orzum bo‘lgan. Tailandga keldim, mana, shukr, yaxshi natija, yutuqlarga erishyapman. Oktagonga chiqolmayotganimning sababi esa shu janjal sababli edi», – degan sportchi.
Vaqt.uz muxbiri holat yuzasidan to‘liqroq ma’lumot olish maqsadida Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Nilufar Madiyevadan izoh so‘radi. Madiyeva vaziyatga oydinlik kiritish ishlari ketayotgani va bu haqda tez orada batafsil ma’lumot berilishini ma’lum qildi. Vazirlikdagi boshqa bir manba esa Shahzod Uzoqovning bunga qadar chindan, bezorilik sodir etgani yuzasidan qidruvda bo‘lgani va 1 hafta avval Toshkentga kelishi bilan qamoqqa olinganini tasdiqladi. Ma’lumot uchun, Shahzod Uzoqov 1999 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Yoshligidan jang sa’natlari bilan shug‘illanib kelgan sportchi 2020 yilda bezorilik ishi bilan bir necha yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Keyinchalik u Tailandga ko‘chib ketgan va aralash jang san’atlari (MMA) sport turi turi bilan professional tarzda shug‘illana boshlagan. Shahzod Uzoqov ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p sonli muxlislarga ega sportchi hisoblanadi. Uning yaqin oylarda yengil vazn toifasida qozog‘istonlik aralash yakkakurash ustasi Erkebulan To‘qtar bilan ehtimoliy jangi ayniqsa ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otayotgandi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonlik MMA jangchisi Shahzod Gold Uzoqov bezorilikda ayblanib, qo‘lga olindi | Vaqt.uz