
O‘zbekistonlik snayperlar Xitoydagi musobaqada g‘olib bo‘lishdi
21.07.2025 | 15:3535222
O‘zbekiston Milliy gvardiyasining snayperlar jamoasi Xitoyda o‘tkazilgan «O‘tkir tig‘–2025» xalqaro musobaqasida rekord natijalar qayd etib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu yutuq snayperlarimizning xalqaro miqyosdagi mahorati va tayyorgarlik darajasini yaqqol namoyon qildi.

Musobaqa joriy yilning 12–20 iyul kunlari Xitoyning Urumchi shahrida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonlik jamoa ikki asosiy mashqda rekord natija ko‘rsatdi: jumladan, 7 ta turli masofadagi pozitsiyadan 24 ta nishonni yo‘q qilish hamda 100 dan 650 metrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarga shahar sharoitida balandlikdan otish.
Musobaqada ishtirok etgan snayperlarimiz yakkakurash va ekstremal sharoitdagi snayperlik yo‘nalishlarida ham yuqori natijalarga erishib, bir nechta sovrinli o‘rinlarni band qilishdi.
Yakunda o‘zbekistonliklar 8 ta medal, 10 ta diplom va bir qator qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, eng murakkab yo‘nalish — «Tezkor texnik-taktik tayyorgarlik» bo‘yicha Kubokni qo‘lga kiritib, musobaqaning eng yaxshi jamoasi deb topildi.
Bu kabi yutuqlar O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini namoyon etmoqda.





