
O‘zbekistonliklar 9 oyda me’morchilik xizmatlariga 9,2 trln so‘m sarfladi
2025 yilning yanvar–sentabr oylarida me’morchilik va muhandislik sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 15,3 foizga o‘sdi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning birinchi to‘qqiz oyida me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 9,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 15,3 foizga ko‘pdir.
Qayd etilishicha, xizmatlar hajmining eng katta qismi 5,6 trln so‘m bilan Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu mamlakat bo‘yicha umumiy hajmning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda Navoiy (664,8 mlrd so‘m) va Toshkent (583 mlrd so‘m) viloyatlari qayd etilgan.
Samarqand viloyatida bu xizmatlar hajmi 448 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida 302,2 mlrd, Qashqadaryoda 245,4 mlrd, Farg‘onada 237 mlrd, Namanganda 190 mlrd, Andijonda 188,3 mlrd so‘mlik ishlar bajarilgan.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatida me’morchilik va muhandislik xizmatlari 174,4 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 172,3 mlrd, Jizzaxda 168,3 mlrd, Xorazmda 197,6 mlrd va Sirdaryo viloyatida 49,7 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning 9 oyida aholi va biznes sub’ektlari ko‘chmas mulk bilan bog‘liq turli xizmatlarga jami 18,8 trln so‘m sarflagani haqida xabar berilgandi.





