add

O‘zbekistonning bir necha hududlarida noqonuniy diniy hujralar fosh etildi

19.06.2025 | 11:4532784

Xorazm, Namangan va Andijon viloyatlarida ruxsatsiz faoliyat yuritgan shaxslar tomonidan yosh bolalarga diniy ta’lim berilgani va ularga nisbatan zo‘ravonlik qilingani aniqlandi. Bu haqda Xorazm viloyati IIB axborot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekistonning bir necha hududlarida noqonuniy diniy hujralar fosh etildi
Namangan viloyati Davlatobod tumanida 1959 yilda tug‘ilgan erkak 8 nafar bolani maxsus ruxsatnomasiz diniy ta’limga jalb qilgan. Uning harakatlariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasi bo‘yicha bayonnoma tuzilib, 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilanishi mumkin. Bolalarning ota-onalari esa 47-modda (tarbiya va ta’limdagi majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha jarimaga tortildi. Andijon viloyatida esa bolalar shifoxonasi shifokorining xabar berishicha, bir bola og‘ir jarohatlar bilan keltirilgan va uning boshida yallig‘langan yara aniqlangan. Tergovda ma’lum bo‘lishicha, Asaka tumanida yashovchi ayol yarim yil davomida bolani diniy ta’limga jalb qilib, uni doimiy ravishda tayoq va kabel bilan urgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (yozilish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish mumkinligi bildirildi. Xorazm viloyati Xonqa tumanida 1981 yilda tug‘ilgan ayol va uning qizi uylarida pullik diniy darslar tashkil etgani aniqlandi. Ular har bir boladan 1 mln so‘mdan to‘lov olgan va 16 nafar bolani ta’limga jalb qilgan. Ta’lim berish uchun yetarli malakaga ega bo‘lmagan bu shaxslar bolalarga nisbatan kuch ishlatgani aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va ma’muriy bayonnomalar tuzildi. 8 nafar bolaning ota-onalari ham ma’muriy javobgarlikka tortildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ota-onalarni farzandlarining ta’lim sharoitlariga jiddiy e’tibor qaratishga va ularni noqonuniy diniy ta’limlarga jalb qilmaslikka chaqirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid