
O‘zbekistonning har bir viloyatida biznes-inkubatorlar tashkil etiladi
08.08.2025 | 20:003753
Prezident Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 92 ming nafar ishsiz bitiruvchini ish bilan ta’minlash bo‘yicha choralar belgilandi.

O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli choralar ko‘riladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda har bir viloyatda biznes-inkubatorlar tashkil etilishi belgilandi. Bu inkubatorlar orqali tadbirkorlik startaplari, marketing, dizayn va AT xizmatlari sohalarida 15–20 ming nafar bitiruvchi band qilinadi.
Yig‘ilishda hozirda ishsiz bo‘lgan 92 ming nafar bitiruvchini ishga joylashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Jumladan, 20 ming yosh magistratura va ikkinchi mutaxassislik orqali qamrab olinadi. Yana 20 ming bitiruvchi staj talab etilmaydigan 10 mingga yaqin korxonalardagi ish o‘rinlariga joylashtirilishi mumkin.
Bundan tashqari, kimyo, energetika, geologiya, avtomobilsozlik, metallurgiya va farmatsevtika tarmoqlarida 10 mingga yaqin mutaxassisni — muhandis, texnolog, moliyachi va iqtisodchilarni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, to‘qimachilik, charm, elektronika, qurilish materiallari hamda oziq-ovqat sanoatida 5–7 ming bitiruvchi doimiy ishga joylashtiriladi.
Mutasaddilarga transport, logistika, yo‘lsozlik, qurilish va kommunal sohalarda 6 ming, pedagogika, tibbiyot, ijtimoiy himoya va madaniyat sohalarida 10 ming bitiruvchini ish bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi.
30 ming yoshga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishda biznes-inkubatorlar orqali amaliy yordam ko‘rsatiladi. Bu orqali bitiruvchilar mustaqil tadbirkor sifatida faoliyat boshlashiga sharoit yaratiladi.





