
O‘zbekistonning JARdagi birinchi elchisi tayinlandi
03.10.2025 | 10:3040012
Ashraf Xo‘jayev birinchi elchi sifatida Janubiy Afrika Respublikasi Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi.

2 oktyabr kuni O‘zbekistonning Janubiy Afrika Respublikasidagi birinchi elchisi Ashraf Xo‘jayev Pretoriya shahrida Prezident Siril Ramafosaga ishonch yorliqlarini topshirdi. JAR Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Marosim Sefako Makgato prezident mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Shu bilan O‘zbekiston va JAR o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarda yangi bosqich boshlandi.
44 yoshli Ashraf Xo‘jayev Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Pekin universitetini tamomlagan. U iqtisodiyot fanlari nomzodi (Phd) darajasiga ega.
U o‘z diplomatik faoliyatini 2005 yilda Tashqi ishlar vazirligida referent sifatida boshlagan. Keyinchalik BMTdagi doimiy vakillik hamda Buyuk Britaniyadagi elchixonada turli lavozimlarda ishlagan.
2018 yildan boshlab Xo‘jayev Tashqi ishlar vazirligida iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishi bo‘yicha bosh boshqarma boshlig‘i hamda direktor lavozimlarida faoliyat yuritdi. 2024 yilda esa O‘zbekistonning Qatardagi birinchi elchisi etib tayinlangan edi.





