
O‘zbekistonning oltin zaxirasi 38,68 mlrd dollarga yetdi — bu yangi tarixiy rekord
08.08.2025 | 09:0043693
Iyulda valyuta zaxiralari kamaygan bo‘lsa-da, oltin narxi ortishi umumiy aktivlarning o‘sishiga sabab bo‘ldi.

O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari iyul oyida yana o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlariga asosan xabar berildi. 1 avgust holatiga ko‘ra, umumiy zaxiralar miqdori 48,74 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan 193,7 mln dollar yoki 0,4 foizga ko‘proqdir.
Markaziy bank oltin zaxirasining qiymati 265 mln dollarga ortib, 38,68 mlrd dollarga yetganini qayd etdi. Bu ko‘rsatkich mamlakat tarixidagi eng yuqori daraja hisoblanadi. Oltin zaxirasining umumiy miqdori o‘zgarmagan — 11,7 mln troy unsiya. Shu bois o‘sish faqat narxlar ortishi hisobiga ro‘y berdi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning valyuta zaxiralari sezilarli darajada — 366,3 mln dollarga kamaygan. 1 avgust holatiga ko‘ra, ularning hajmi 8,48 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu summada 1,05 mlrd dollar xalqaro markaziy banklar va XVJdagi hisoblarda, qolgan 7,42 mlrd dollar esa tijorat banklarida saqlanmoqda.
Qolaversa, Markaziy bank portfelidagi qimmatli qog‘ozlar qiymati 300 mln dollardan ko‘proqqa, ya’ni 42,7 foizga o‘sib, 1,01 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu esa zaxiralardagi aksiya va obligatsiyalar ulushining 2 foizdan oshib ketishiga olib keldi.
Vaqt.uz avvalroq O‘zbekiston iyun oyida dunyoda eng ko‘p oltin sotib olgani haqida xabar qilgan edi.





