Logo

Xitoydan O‘zbekistonga yuborilgan kuryerlik jo‘natmasi ortidan narkolaboratoriya fosh etildi

Bugun 12:052 daqiqa

Jo‘natmada oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shiladigan rangli qo‘shimchalar borligi ko‘rsatilgan. Biroq tekshiruv davomida oq rangli kristallsimon kukun aniqlandi.

Xitoydan O‘zbekistonga yuborilgan kuryerlik jo‘natmasi ortidan narkolaboratoriya fosh etildi © Bojxona qo’mitasi matbuot xizmati

Xitoydan yuborilgan kuryerlik jo‘natmasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda undan oq rangli kristallsimon kukun chiqdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Jo‘natmada oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shiladigan rangli qo‘shimchalar borligi ko‘rsatilgan edi. Markaziy bojxona laboratoriyasi ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, jo‘natma tarkibida qariyb 25 kilogramm «pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

Jo‘natma ortidagi jinoiy zanjir ham fosh etildi. Ushbu yuklar Telegram’dagi «ALTAIR» nomli akkaunt orqali Guliston shahrida yashovchi 2 kishi nomiga yuborilgan. Tezkor tadbir davomida ushbu shaxslar Toshkent shahrida kuryerlik jo‘natmasini qabul qilib olayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Shundan so‘ng tezkor tadbir Guliston shahrida davom ettirilib, gumonlanuvchi shaxslarning yashash xonadonlari ko‘zdan kechirildi. Natijada u yerda 8 ming dona bo‘sh kapsula, 300 dona qo‘lbola usulda tayyorlangan kapsula, ikki dona elektron tarozi, besh juft tibbiy qo‘lqop hamda 5 kilogramm «mefedron» giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda aniqlandi.

Qolaversa, yashirin narkolaboratoriya tashkil etishga urinish bilan bog‘liq holat ham fosh bo‘ldi. 20–21 yoshga kirgan, Guliston shahrida yashovchi yigitlar o‘z faoliyatini internet tarmog‘ida «SIMBIOZ» nomli narkodo‘konda olib borgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev narkojinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni imzolagandi.

Teglar

Mavzuga oid