Tojikiston O‘zbekiston bilan qo‘shma investitsiya kompaniyasining faoliyat shartlarini o‘zgartirmoqchi
Yangi qoidalar xorijiy valutadan foydalanish, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish tartibini qamrab oladi.
© SputnikTojikiston O‘zbekiston bilan birgalikda tuzilgan investitsiya kompaniyasining tadbirkorlarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirmoqchi. Buning uchun xorijiy valutadan foydalanish qoidalari o‘zgartiriladi, texnologik uskunalarni import qilishda soliq va bojxona imtiyozlari beriladi hamda loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari takomillashtiriladi.
Tojikiston parlamenti quyi palatasi 1-oktabr kuni ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi kelishuvga kiritilayotgan o‘zgartishlarni ma’qulladi.
O‘zgartishlar Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi qo‘shma investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvga taalluqli. Tojikistonning Investitsiyalar va davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi raisi Sulton Rahimzoda hujjatni taqdim etar ekan, o‘zgartishlar kompaniya faoliyati uchun qulay sharoit yaratish, uskunalar xarid qilish xarajatlarini kamaytirish va ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilganini aytdi.
Xususan, yangi qoidalar xorijiy valutadan foydalanish tartibini belgilaydi, texnologik uskunalar importida soliq va bojxona imtiyozlarini joriy etadi hamda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yaxshilaydi.
Kompaniya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri — lizing orqali moliyalashtirish. Bu usul tadbirkorlarga yangi ishlab chiqarish korxonalarini ochish yoki mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun zarur uskunalarni sotib olish imkonini beradi.
O‘zgartishlar to‘g‘risidagi protokol 2026-yil 26-mart kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida imzolangan. O‘zbekiston tomoni hujjatni tasdiqlash bo‘yicha ichki tartib-taomillarni allaqachon yakunlagan. Parlamentda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hujjat 2026-yil 9-sentabrda tegishli qaror bilan ma’qullangan.
20,9 mln dollarlik yettita loyiha
Parlament yig‘ilishida Sulton Rahimzoda qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyati natijalari haqida ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, 2026-yil 1-oktabrga qadar kompaniya mahalliy tadbirkorlar bilan birgalikda umumiy qiymati 20,9 mln dollar bo‘lgan yettita investitsiya loyihasini tayyorlab, tasdiqlagan.
Ushbu loyihalar sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat ishlab chiqarish, tibbiy xizmatlar va boshqa sohalarni qamrab oladi.
Loyihalarni amalga oshirish uchun hozirgacha 8,9 mln dollar yo‘naltirilgan. Bu umumiy qiymatning qariyb 43 foizini tashkil etadi. Barcha tasdiqlangan loyihalar to‘liq amalga oshirilsa, 720 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Parlament yig‘ilishida ta’kidlanganidek, investitsiya kompaniyasi tadbirkorlarga zamonaviy texnologik uskunalarni sotib olish imkonini beruvchi lizing mexanizmlaridan ham foydalanadi.
Qo‘shma kompaniya qachon va nima maqsadda tashkil etilgan?
Tojik-O‘zbek investitsiya kompaniyasi 2021-yil 10-iyundagi hukumatlararo kelishuv asosida tashkil etilgan.
Uning asosiy maqsadi — qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish.
Kompaniyaning dastlabki ustav kapitali 12 mln dollar etib belgilangan. Uning 75 foizi O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, qolgan 25 foizi esa Tojikiston Investitsiyalar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Tajinvest» davlat unitar korxonasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Kompaniya Dushanbe shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Dastlab investitsiya loyihalari portfeli kengayishiga qarab uning kapitalini bosqichma-bosqich 50 mln dollargacha oshirish rejalashtirilgan. Qo‘shma kompaniyaga korxonalarni moliyalashtirish, mavjud va yangi tashkil etiladigan kompaniyalarning ustav kapitalida ulush olish, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlaridan mablag‘ jalb qilish imkoniyati berilgan.
Kompaniya kapitali o‘smoqda
2026-yilning iyul oyida Tojikiston moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda qo‘shma investitsiya kompaniyasining kapitali 50 mln dollardan oshganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya sanoat, qishloq xo‘jaligi xomashyosini qayta ishlash, logistika sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish, shuningdek, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash vositalaridan biri hisoblanadi.
Kompaniya faoliyatini kengaytirish masalasi Emomali Rahmonning 2026-yilning mart oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida ham muhokama qilingan. Tomonlar uning moliyaviy imkoniyatlarini kuchaytirish va qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olgan.
Tojik-o‘zbek qo‘shma korxonalari
Investitsiya kompaniyasi faoliyatidagi o‘zgarishlar Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar kengayib borayotgan bir paytda yuz bermoqda. O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabr holatiga mamlakatda Tojikiston kapitali ishtirokidagi 483 ta korxona faoliyat yuritgan. Ularning soni bir yilda 118 taga yoki 32,3 foizga oshgan.
Tojikistonda esa avval e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston investitsiyalari ishtirokidagi 116 ta korxona faoliyat yuritgan. 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 718,3 mln dollarni tashkil etgan. Tomonlar 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni 2 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Shu sharoitda qo‘shma investitsiya kompaniyasi kapital jalb qilish, yangi korxonalar tashkil etish va ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.





