
O‘zbekistonning sun’iy yo‘ldoshi qanchaga tushishi taxmin qilindi
01.07.2025 | 08:0050102
O‘zbekiston o‘zining ilk sun’iy yo‘ldoshini 2028 yilgacha uchirishni rejalashtirmoqda. «O‘zbekkosmos» agentligi bu tashabbusni milliy xavfsizlik va texnologik mustaqillik nuqtayi nazaridan strategik ahamiyatga ega, deb baholadi.

Agentlik rahbari o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimovning so‘zlariga ko‘ra, geosiyosiy beqarorlik fonida chet eldan sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini sotib olishda cheklovlar ortib bormoqda.
Uning ta’kidlashicha, ayrim davlatlar o‘z texnologiyalariga bog‘liq komponentlarni faqat belgilangan shartlar bilan sotmoqda yoki ma’lum mamlakatlarga ma’lumot yetkazishni taqiqlayapti. Shu sabab, mamlakat mustaqil ravishda minimal ma’lumotlar to‘plamini olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
Muxiddin Ibrohimovning aytishicha, sun’iy yo‘ldosh uchirish xarajati texnik xususiyatlarga bog‘liq holda 50 million dollardan 100 million dollargacha bo‘lishi mumkin.





