
O‘zbeklar arzon uchishdan voz kechyapti — lyuks parvozlar modaga aylanmoqda
25.06.2025 | 23:4528123
2025 yilda biznes-klass chiptalarini bron qilish o‘tgan yilga nisbatan 36 foizga oshdi. O‘rtacha to‘lov 11,7 million so‘mni tashkil etdi. Ayniqsa, Dubay, Seul va Istanbul yo‘nalishlarida yuqori talab qayd etilgan.

Aviasales.uz platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki oylarida o‘zbekistonliklar orasida biznes-klass aviachiptalarini bron qilish 36 foizga oshgan. Bu o‘zgarish yuqori qulaylikka bo‘lgan ehtiyoj bilan izohlanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, har bir biznes-klass parvozi uchun o‘rtacha to‘lov 11,7 million so‘mni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 9 foizga yuqori. Eng katta talab Dubay yo‘nalishida qayd etilgan bo‘lib, bu yo‘nalishdagi chiptalar 35 foizga qimmatlashgan.
Shuningdek, Seul va Istanbul kabi shaharlarga parvozlar ham ommalashgan. Moskva yo‘nalishi esa bundan farqli ravishda 2 foizga arzonlashgan.
Uzoq masofali va nufuzli yo‘nalishlarga qilingan eng qimmat parvozlar qatorida Toshkent — Los-Anjeles (121,3 mln so‘m), Toshkent — Pensakola (70,3 mln so‘m) va Toshkent — Bolonya (64,6 mln so‘m) kabi reyslar qayd etilgan.
Mutaxassislar bu tendensiyani vaqt va qulaylikka bo‘lgan talabning ortishi bilan bog‘lamoqda. Yo‘lovchilar orasida yuqori xizmat sifati uchun qo‘shimcha haq to‘lashga tayyor qatlam shakllanmoqda.





