
Pavel Durov nega 9 oydan beri Fransiyadan chiqa olmayapti?
10.06.2025 | 13:4011403
«Telegram» asoschisi Pavel Durov so‘zlariga ko‘ra, u 9 oydan beri Fransiya hududidan chiqolmayapti. U fransiyalik rasmiylar tomonidan hech qanday rasmiy ayblov taqdim etilmagan bo‘lsa-da, mamlakatni tark etishga ruxsat berilmayotganini aytdi.
«Telegram» asoschisi Pavel Durov amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida Fransiyada bo‘lib turganini va 9 oydan buyon mamlakatni tark etish imkoniyati yo‘qligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyat sababli u o‘z bolalari va onasi bilan ko‘risholmayapti.
Durov ta’kidlashicha, avvaliga Fransiya hukumati «Telegram»ni jinoiy faoliyatda foydalanish holatlariga nisbatan chora ko‘rmaganlikda ayblagan. Bunga javoban «Telegram» rasmiylari tomonidan hech qanday rasmiy so‘rov kelib tushmagani ma’lum qilingan. Shu paytga kelib, fransuz tomoni uni «soha hamkori» sifatida ayblamoqda, ya’ni platforma orqali jinoyatchilar faoliyat yuritgani uchun mas’uliyat yuklashmoqda.
Durov bu kabi munosabatni adolatsizlik deb hisoblamoqda. Uning ta’kidlashicha, «Telegram» butun dunyo bo‘ylab 1 milliarddan ortiq foydalanuvchiga ega va platforma huquqiy masalalarga yetarlicha mablag‘ sarflamoqda. Shuningdek, Durov hibsga olingach, 4 kun davomida sharoitsiz kamerada saqlanganini ham qayd etdi.
U telefondan faqat «Telegram» testlari uchun foydalanganini, SIM-karta o‘rnatilmaganini va bu qurilmani doimiy ravishda olib yurmasligini aytdi. Buning sabablaridan biri — hukumatlar kuzatuv dasturlari, jumladan, «Pegasus»ni o‘rnatishi mumkinligi, ikkinchisi esa — telefon diqqatni jamlashga xalaqit berishi ekan.
Pavel Durovning Fransiyadan chiqolmayotgani va unga qarshi ish qo‘zg‘atilmagan bo‘lsa-da, harakat erkinligining cheklanayotgani Yevropa Ittifoqi hududidagi huquqiy mexanizmlar samaradorligi borasida savollar tug‘diradi.





