
Pavloniya daraxtlarini ommaviy ekish Markaziy Osiyoda cho‘llanish xavfini kuchaytiradi
Suvni ko‘p talab qiladigan pavloniya daraxtlarini Markaziy Osiyoda ommaviy ekish «yashil cho‘llanish»ga olib kelishi mumkin. Bu haqda Bishkekda o‘tayotgan «Iqlim o‘zgarishlari OAV nigohida» mavzusidagi treningda ta’kidlandi.

«Global o‘rmon koalitsiyasi» Kengashi raisi Anna Kirilenkoning ta’kidlashicha, daraxtlarni hududning ekologik xususiyatlarini inobatga olmasdan palapartish ekish ekotizimga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
«Pavloniya oz suv talab qiladi degan iddao noto‘g‘ri. U yirik bargli daraxt bo‘lib, ko‘p miqdorda suv iste’mol qiladi. Bizning iqlim uchun chinor kabi mayda bargli turlar ko‘proq mos keladi», — dedi Kirilenko.Tadbirda qayd etilishicha, joriy yil aprel oyidagi g‘ayrioddiy issiqlik tufayli o‘simliklarda yoz oylarida yuz beradigan sarg‘ayish may oyidayoq kuzatilgan. Bu esa iqlim o‘zgarishi jiddiy kechayotganidan dalolat beradi.





