
«Paxtakor» bilan bog‘liq mojarodan so‘ng stadionlarni xususiylashtirish taqiqlandi
26.08.2025 | 08:0035963
O‘zbekistonda futbol stadionlarini xususiylashtirish va ularning maqsadini o‘zgartirish taqiqlandi.

O‘zbekistonda davlat mulki ob’ekti bo‘lgan futbol stadionlari va maydonlaridan foydalanish maqsadlarini o‘zgartirish va sotuvga chiqarish taqiqlandi. Bu haqda Prezident tomonidan 21 avgust kuni imzolangan PQ-262-sonli qarorда keltirilgan.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil oxirigacha barcha bunday ob’ektlar xatlovdan o‘tkazilishi shart. Xatlov natijalari 2026 yil iyul oyigacha «Milliy futbol elektron platformasi»ga kiritiladi. Egasi noma’lum stadion va futbol maydonlarining yer uchastkalari va bino inshootlarini xatlovdan o‘tkazish talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Bu qaror 2024 yil boshida yuzaga kelgan «Paxtakor» klubi atrofidagi voqealardan so‘ng qabul qilindi.
O‘shanda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan «Paxtakor» futbol klubi stadion bilan birga sotuvga qo‘yilgan edi. Ammo jamoatchilik keskin qarshiligi tufayli savdo bekor qilingan. O‘shanda tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev klub va stadionni sotib olib rivojlantirmoqchi bo‘lgani, lekin buning uchun 100 dollar ham to‘lamoqchi emasligini aytgandi. «Tekinga bersa olaman, pulga bersa olmayman», degandi u.





