
Pedofiliya uchun umrbod qamoq belgilanishi mumkin
O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida, 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo choralarini belgilash rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlariga barham berishga qaratilgan yangi huquqiy mexanizmlar ishlab chiqilmoqda. Bu «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yili doirasida belgilangan ustuvor islohotlar hamda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihasida aks etgan.
Davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, ayollar va bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik choralari keskin kuchaytiriladi. Xususan, 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo choralarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Loyihada voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy va zo‘ravonlikka oid jinoyatlarni tergov qilish tartibi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Bunday jinoyatlarni tergov qilish prokuratura organlarining mutlaq vakolatiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu orqali ishlarni markazlashtirilgan holda, yagona yondashuv asosida ko‘rib chiqish va tergov samaradorligini oshirish maqsad qilingan.
Tergov va sud tizimi
Davlat dasturida voyaga yetmaganlar hamda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarni tergov qilish va ko‘rib chiqishga ixtisoslashgan, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchi va sudyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, nikoh yoshiga yetmagan shaxsni unashtirish bilan bog‘liq holatlarga nisbatan ham ma’muriy javobgarlik joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bunda bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan ota-onalar, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar va noqonuniy nikohni targ‘ib qilganlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanishi mumkin. Bu orqali erta nikohlarning oldini olish va bolalar manfaatlarini himoya qilish ko‘zlangan.
Profilaktika choralari
Oila va xotin-qizlar maskanlarida yosh nikohlanuvchilarning kamida 40 foizini maxsus o‘qitish dasturlari bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Shuningdek, psixolog, huquqshunos va boshqa mutaxassislarni jalb etgan holda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Mazkur normalarni amaliyotga joriy etish 2026 yil 1-apreldan rejalashtirilgan.





