
Pedofillarga nisbatan jamoatchilik nazoratidagi reyestr joriy etish taklif qilindi
Farg‘onada voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida 14 yoshli qizga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat jamoatchilik e’tiborini bolalar xavfsizligi va jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik masalasiga yana bir bor qaratdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqea yuzasidan 2026 yil 10-yanvar kuni Uchko‘prik tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi — nomusga tegish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumon qilinuvchi shaxslar Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasiga asosan ushlangan va sud qarori bilan ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Dastlabki tergov harakatlari Farg‘ona viloyati IIB tomonidan olib borilmoqda.
Ichki ishlar vazirligining xotin-qizlar va bolalar masalalari bo‘yicha boshqarmasi rahbari Nilufar G‘iyosova holatni tasdiqlar ekan, jabrlanuvchi voyaga yetmagan shaxs ekani sababli ish tafsilotlari cheklangan holda ochiqlanishini bildirdi. Bolalar ombudsmani ham ish yuzasidan izoh berib, bolaga oid ma’lumotlarning ommaviy axborot vositalarida keng tarqalishi uning huquqlari va manfaatlariga zarar yetkazishini ta’kidladi.
Mazkur voqeadan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Milliy tiklanish» partiyasi fraksiyasi a’zosi Dilnoza Azizova bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlarga nisbatan qator qat’iy choralarni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun jazo keskin kuchaytirilishi lozim.
Shuningdek, bolalarga qarshi jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslar uchun ochiq va jamoatchilik nazoratidagi maxsus reyestr joriy etish, maktab, mahalla va oila darajasida bolalarni himoya qilishga qaratilgan majburiy profilaktik tizimni shakllantirish taklif etildi. Bundan tashqari, jabrlanuvchi bolalarga davlat hisobidan uzluksiz psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Mutaxassislar bu kabi choralar jinsiy jinoyatlarning oldini olish va bolalar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avval ham Dilnoza Azizova namanganlik 7 yoshli qizcha bilan bo‘lgan voqeadan so‘ng bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun umrbod qamoqni joriy etishni taklif qilgan edi.





