
Pensiya miqdorini oldindan aniqlovchi onlayn xizmat ishga tushiriladi
01.07.2025 | 12:0022042
O‘zbekistonda pensiya ta’minoti tizimini raqamlashtirish yo‘lida navbatdagi qadam tashlandi. 2026 yildan «Mening pensiyam» onlayn xizmati joriy etiladi va fuqarolar pensiya miqdorini oldindan hisoblash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati hamda Pensiya jamg‘armasi zamonaviy xizmatlarni joriy etish ustida ish olib bormoqda. Buning natijasida 2026 yil 1 iyuldan raqamli g‘azna tizimi ishga tushiriladi. U pensiya va g‘aznachilik jarayonlarini avtomatlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 dekabrdan pensiya ta’minotiga oid barcha xizmatlar elektron, interaktiv va proaktiv shaklda taqdim etiladi. Jumladan, fuqarolarning ish staji va maoshi haqidagi elektron ma’lumotlar asosida pensiya miqdori oldindan hisoblanadi.
Loyiha doirasida hududlarda ixcham xizmat ko‘rsatish ofislari tashkil etilib, aholiga qulaylik yaratish maqsad qilingan. Elektron xizmatlar joriy qilinishi orqali inson omili kamayishi, shaffoflik va samaradorlik oshishi kutilmoqda.





