add

Pensiya va G‘aznachilik xodimlari soni 4 baravar qisqartiriladi

29.06.2025 | 13:0031533

O‘zbekistonda pensiya ta’minoti va g‘aznachilik tizimi tubdan raqamlashtiriladi. Prezidentning 2025 yil 26 iyundagi PF-105-son Farmoniga ko‘ra, 2026 yildan boshlab bu sohalarda faoliyat yurituvchi xodimlar soni sezilarli qisqartiriladi.

Pensiya va G‘aznachilik xodimlari soni 4 baravar qisqartiriladi
Farmonga asosan, 2026 yil 1 dekabrdan pensiya ta’minoti to‘liq yangilangan tartibda amalga oshiriladi. Yangi tizimda fuqarolar ish staji va maoshlari asosida pensiya miqdorini oldindan aniqlay oladigan «Mening pensiyam» onlayn xizmati ishga tushiriladi. Barcha xizmatlar elektron, proaktiv va interaktiv shaklga o‘tkaziladi. 2025 yil iyul–oktyabr oylarida esa mehnat daftarchalarini raqamlashtirish ishlari mahalliy hokim yordamchilari tomonidan amalga oshiriladi. Qo‘shimcha chora-tadbirlar doirasida, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab pensiyadan qarz undirishdan oldin fuqarolarni xabardor qilish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrdan Mudofaa vazirligi harbiy xizmat ma’lumotlarini Pensiya jamg‘armasiga elektron tarzda taqdim etadi. 2026 yil 1 avgustga qadar Oliy ta’lim vazirligi fuqarolarning o‘qish davriga oid ma’lumotlarni to‘liq raqamlashtirib, Davlat xizmatlari markazlari orqali elektron bazaga yuborish imkonini yaratadi. Farmonga ko‘ra, jami 1 080 ta shtat birligi qisqartiriladi. Shundan, G‘aznachilik tizimida 594 ta shtat qisqartiriladi. Bundan 178 ta shtat 2025 yil 1 avgustda, 208 ta shtat 2026 yil 1 yanvarda va yana 208 ta shtat 2026 yil 1 iyulda qisqartiriladi. Pensiya jamg‘armasida esa 486 ta shtat qisqartiriladi. Jumladan, 2025 yil 1 sentyabrdan 241 ta, 2026 yil 1 yanvardan 104 ta va 2026 yil 1 dekabrdan 141 ta shtat tugatiladi. Shuningdek, Prezident farmonida rahbarlar sonini qisqartirish bo‘yicha ham topshiriq berilgan. Vazirlar Mahkamasiga 2 oy muddatda barcha ijro organlarida boshqaruv xodimlari sonini 15 foizgacha qisqartirish taklifini ishlab chiqib, Prezident Administratsiyasiga taqdim etish vazifasi yuklatilgan. Bu islohotlarning asosiy maqsadi — ortiqcha byurokratiyani qisqartirish va tizim samaradorligini oshirishdir.

Teglar

Mavzuga oid

Pensiya va G‘aznachilik xodimlari soni 4 baravar qisqartiriladi | Vaqt.uz