
Pensiyalarni Face-ID orqali naqd shaklda to‘lash boshlandi
04.10.2025 | 21:5034043
Mazkur tizim orqali pensiya mablag‘lari o‘z vaqtida va faqat haqiqiy egasiga to‘liq yetkazilishi aytilmoqda.

O‘zbekistonda pensiya to‘lovlari yangi tartibda amalga oshirila boshladi. Oktyabrdan boshlab pensiyalarni naqd shaklda olish jarayoni fuqarolarning Face-ID orqali biometrik identifikatsiyasi bilan ta’minlanadi, deb ma’lumot bermoqda Pensiya jamg‘armasi.
Yangi tizim orqali fuqarolarning shaxsi aniqlanadi, imzo elektron tarzda olinadi va hisobotlarda «to‘landi» deb ko‘rsatilgan mablag‘ amalda egasiga yetkaziladi. Bu usul to‘lovlarning o‘z vaqtida va manzilli tarzda amalga oshishini kafolatlaydi hamda pensiyalarni boshqa shaxslar olib qo‘yishi holatlarining oldini oladi.
Adliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki so‘roviga ko‘ra, fuqarolarning biometrik ma’lumotlarini bepul taqdim etadi. Mazkur tizim uchun zarur uskunalar xaridini esa Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil sentyabrda Vazirlar Mahkamasi pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzgan. Konsepsiya 2025 yil mart oyiga qadar Prezident Administratsiyasiga taqdim etilishi kutilmoqda. Ishchi guruhga iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qilmoqda.
So‘nggi yillarda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobarga oshgan bo‘lsa, xarajatlar 5 barobar ko‘paygan. Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi mutaxassislari O‘zbekistonda pensiya tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish va raqamlashtirish, shuningdek, sug‘urta stajini joriy etish bo‘yicha takliflar bergan.





