add

Pentagon rahbari: AQSH Ukrainaga harbiy yordam xarajatlarini qisqartiradi

11.06.2025 | 08:1519334

AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset mamlakatning Ukraina xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash tashabbusi (USAI) bo‘yicha xarajatlari qisqarishini ma’lum qildi. Bu haqda u Kongressdagi eshituvlar chog‘ida gapirgan

Pentagon rahbari: AQSH Ukrainaga harbiy yordam xarajatlarini qisqartiradi
Uning so‘zlarini keltirayotgan Associated Pressʼga ko‘ra, mazkur tashabbus orqali AQSH qurol-aslahani o‘z mudofaa kompaniyalaridan xarid qilib, Ukrainaga yuborib kelayotgan edi. Hegsetning ta’kidlashicha, Donald Tramp ma’muriyati Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga butunlay boshqacha yondashuvda. «Bizcha, tinchlikka muzokaralar orqali erishish har ikki taraf, shuningdek, AQSHning ham manfaatlariga mos keladi. Ayniqsa, jahon miqyosidagi ko‘plab xavflar mavjud ekan, bu yondashuv muhim», — dedi vazir. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH urush boshlanganidan beri Ukrainaga 66 mlrd dollardan ortiq yordam ko‘rsatgan. Biroq yangi ma’muriyat hokimiyatga kelganidan beri yangi harbiy yordam paketlari tasdiqlanmagan. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili Georgiy Tixiyning ma’lum qilishicha, mamlakat hozircha AQSHning avvalgi ma’muriyati ajratgan qurollardan foydalanmoqda. Shu bilan birga, Kiyev ayniqsa Patriot havo hujumidan himoya tizimlarini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Prezident Volodimir Zelenskiy AQSHdan 10 dona Patriot sotib olishga tayyor ekanini aytgan, ularning bahosi taxminan 15 mlrd dollarni tashkil etadi. Germaniya Mudofaa vazirligidagi qurol yetkazib berishga mas’ul general-mayor Kristian Froyding esa Yevropa AQSHsiz ham Ukrainaga yordam berish salohiyatiga ega ekanini aytdi. Biroq u aniq axborot, havo hujumidan himoya tizimlari va Amerika qurollariga mos ehtiyot qismlar bo‘yicha yetishmovchilik borligini ta’kidladi. Tramp ma’muriyati endi NATO ittifoqchilariga Kiyevga o‘z zaxiralaridan Patriot berishni tavsiya qilmoqda. Ammo AQSH davlat kotibi Marko Rubioning tan olishicha, bu tizimlar zaxirasi kam va ittifoqchi davlatlar ularni berishni xohlamaydi.

Teglar

Mavzuga oid