
Pentagon rahbari ilk bor «Ramshtayn» uchrashuvida ishtirok etmaydi
04.06.2025 | 16:4037683
AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset Ukraina bo‘yicha «Ramshtayn» formatidagi xalqaro uchrashuvda birinchi marta ishtirok etmasligi ma’lum qilindi. Unga NATOdagi AQSH elchisi Mettyu Uitaker vakillik qiladi.

4 iyun kuni NATO shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tadigan Ukraina bo‘yicha «Ramshtayn» formatidagi Kontakt guruhi yig‘ilishida AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset ishtirok etmaydi. Bu haqda Politico va Associated Press agentliklari ma’lumot berdi. Uning o‘rniga AQSHning NATOdagi elchisi Mettyu Uitaker yig‘ilishda ishtirok etadi.
Bu Xegsetning «Ramshtayn» formatidagi yig‘ilishni birinchi marta o‘tkazib yuborishi bo‘ladi. Aprel 2022 yili tashkil etilgan ushbu formatda NATO va Yevropa Ittifoqi a’zolari boshchiligida 50dan ortiq davlat ishtirok etadi. Avvalida AQSH yig‘ilishlarga raislik qilgan, fevral 2025dan boshlab esa Buyuk Britaniya va Germaniya mudofaa vazirlari Jon Xili hamda Boris Pistorius raislik qilmoqda.
Pentagon matbuot kotibi Kingsli Uilsonning ma’lum qilishicha, Xegset tashrif jadvalidagi o‘zgarishlar tufayli yig‘ilishda qatnasholmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Ukrainadagi urushni barqaror tinchlik shartlarida yakunlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Associated Press agentligiga ko‘ra, Xegsetning «Ramshtayn»da ishtirok etmasligi — AQSHning Ukrainadagi urushdan asta-sekin distansiyalashuvi yo‘lidagi so‘nggi qadami hisoblanadi. Biroq Xegset 5 iyun kuni Bryusselda o‘tadigan NATO mamlakatlari mudofaa vazirlari uchrashuvida ishtirok etadi.





