Pentagon sun’iy intellekt gigantlari bilan kelishdi, «Anthropic» esa chetda qoldi

Bugun 12:032 daqiqa

AQSH Mudofaa vazirligi sun’iy intellekt texnologiyalarini maxfiy tarmoqlarga joriy etish uchun yetti yirik kompaniya bilan hamkorlikni kengaytirdi.

Pentagon sun’iy intellekt gigantlari bilan kelishdi, «Anthropic» esa chetda qoldi © Foto: wikimedia

AQSH Mudofaa vazirligi sun’iy intellekt sohasidagi yetti kompaniya bilan ularning ilg‘or texnologiyalarini maxfiy tarmoqlariga joriy etish bo‘yicha kelishuvlar tuzdi. Pentagon sun’iy intellekt yetkazib beruvchilar doirasini kengaytirishga intilmoqda, deb tushuntiradi «Reuters».

Shu bilan birga, u sohadagi yetakchilardan biri bo‘lgan startap – «Anthropic»ni haligacha e’tibordan chetda qoldirmoqda.

Kimlar bilan kelishildi?

Yangi yetkazib beruvchilar ro‘yxatiga «SpaceX» (uning tarkibidagi «xAI» bilan), «OpenAI», «Google», «Nvidia», «Reflection» nomli SI startapi, «Microsoft» va «Amazon Web Services2 kiritilgan. «Reuters» ta’kidlashicha, bu kompaniyalarning ayrimlari allaqachon Pentagon bilan ishlab kelgan. Endi ularning barchasi maxfiy tarmoqlarga integratsiya qilinadi va bu harbiylarga sezgir ma’lumotlar bilan ishlashda kengroq imkoniyatlar beradi.

«Bu kelishuvlar AQSH armiyasini sun’iy intellektga tayangan kuchga aylantirishga qaratilgan transformatsiyani tezlashtiradi va harbiylarimizning barcha yo‘nalishlarda qaror qabul qilishda ustunligini saqlab qolish qobiliyatini mustahkamlaydi», – deyiladi Pentagon bayonotida.

«Anthropic» bilan nizo effekti

Bayonotda «Anthropic» tilga olinmagan. Ilgari kompaniya etik sabablarga ko‘ra o‘z dasturiy ta’minotidan Pentagon foydalanishini cheklagan. Shundan so‘ng Pentagon uni ta’minot zanjiri uchun xavf deb baholab, pudratchilarga undan foydalanishni taqiqlagan.

Pentagon bayonotiga ko‘ra, harbiylar uchun mavjud SI xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish orqali u «bitta yetkazib beruvchiga bog‘lanib qolish» xavfidan qochmoqchi. «Reuters» fikricha, bu idoraning ayrim dominant kompaniyalarga ortiqcha qaramligini kamaytirishga ishora.

«Anthropic»ning «Claude» modeli avval maxfiy muhitda qo‘llanilgan yagona SI vositasi bo‘lgan. U, jumladan, Eronga qarshi operatsiyalarda va Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro bilan bog‘liq holatlarda ishlatilgani aytiladi. Biroq «Anthropic» bosh direktori Dario Amodei Amodei hukumat ularning texnologiyalari ommaviy ichki kuzatuv yoki avtonom qurollar uchun ishlatilmasligiga kafolat bermasa, kelishuv imzolamasligini bildirgan.

«Reuters» yozishicha, «Anthropic» bilan nizodan keyin SI sohasidagi yangi kompaniyalar harbiylar maxfiy ma’lumotlarga ulanish jarayonini tezlashtirganini aytmoqda, endi bu 3 oydan kam vaqt oladi. Ilgari esa bu jarayon 18 oy yoki undan ham ko‘proq vaqt talab qilar edi.

Teglar

Mavzuga oid

Pentagon sun’iy intellekt gigantlari bilan kelishdi, «Anthropic» esa chetda qoldi | Vaqt.uz