add

Pentagon Ukrainaga Tomahawk raketalarini berishga ruxsat berdi

Bugun 08:304972

AQSH Mudofaa vazirligi Kiyevga Tomahawk qanotli raketalarini yetkazib berishni ma’qulladi. Endi yakuniy qarorni prezident Donald Tramp qabul qiladi.

Pentagon Ukrainaga Tomahawk raketalarini berishga ruxsat berdi

AQSH Pentagoni Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi Tomahawk raketalarini berishga ruxsat berdi. Bu haqda CNN telekanali amerikalik va yevropalik manbalarga tayanib xabar berdi. Manbalarga ko‘ra, AQSH harbiylari zaxiralar holatini baholaganidan so‘ng bunday yetkazib berish mamlakat mudofaa imkoniyatlariga jiddiy ta’sir qilmasligini aniqlagan.

Shu bilan birga, yakuniy qarorni prezident Donald Tramp qabul qiladi. Manbalarning aytishicha, u hali Ukrainaga raketa berish g‘oyasidan voz kechmagan va zarur deb topilsa, tezkor yetkazib berish rejalari allaqachon tayyor holda turibdi. Tomahawk raketalarining eng uzoq parvoz masofasi 2,5 ming kilometrgacha yetadi.

Pentagonning ta’kidlashicha, raketalar zaxirasi bo‘yicha muammo yo‘q, ammo Ukrainada ulardan foydalanish uchun kadrlar tayyorgarligi va texnik joylashtirish jarayonlari bo‘yicha bir qator «operatsion masalalar» hal etilishi kerak. Kiyev ulardan samarali foydalanishdan oldin maxsus o‘quv va infratuzilma masalalarini hal etishi lozim.

Tomahawkʼlarni Ukrainaga yetkazib berish masalasi ilk bor sentyabr oyida muhokama qilingan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donald Tramp bilan yopiq suhbatda bu qaror Kremlni urushni to‘xtatishga majbur qilishi mumkinligini aytgan.

7 oktyabr kuni Tramp «qaror deyarli qabul qilgani»ni ma’lum qilgan, ammo avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Zelenskiy bilan maslahatlashish niyatida ekanini qo‘shimcha qilgan.

Putin bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng Tramp AQSH «o‘z zaxiralarini xarj qilishga tayyor emasligi»ni aytgan. Kreml vakili Yuriy Ushakov esa Putin Trampni bu qaror ikki davlat munosabatlariga jiddiy ta’sir qilishi haqida ogohlantirganini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, CNN manbalariga ko‘ra, Oq uydagi mansabdorlar Tramp bu variantni Moskvaga nisbatan bosim vositasi sifatida saqlab qolayotganini ta’kidlagan. Ularga ko‘ra, AQSH prezidenti istalgan vaqtda Ukrainaga Tomahawk yetkazib berish haqida buyruq berishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid