add

Piyoda hajga borish joizmi? O‘zbekiston muftiysi rasmiy izoh berdi

22.10.2025 | 20:558733

Uning ta’kidlashicha, haj — Islom dinining besh ruknidan biri bo‘lib, faqat qodir bo‘lgan musulmonlar uchun farz sanaladi.

Piyoda hajga borish joizmi? O‘zbekiston muftiysi rasmiy izoh berdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar piyoda hajga borish borasida Islom dinida nima deyilgani haqida gapirdi. Unga ko‘ra. Islom besh ustun ustiga qurilgan: iymon, namoz, ro‘za, zakot, haj.

[telegram https://t.me/lazizhamidov/2254]

«Endi, hamma ibodatlar uchun shariat tomonidan ma’lum talablar, shartlar qo‘yiladi. Hammaga ham haj qilishlik farz bo‘lmagan. Chunki bu narsani hozir tushuntirishimizning sababi, juda ko‘pchilikning nazdida hamma haj qilishi kerak, har bir odam borki, hajga borishi kerak degan tasavvur bo‘lib qoldi. Yo‘q, azizlar. Qur’oni Karimda ham Alloh taolo «Man istato‘a ilayhi sabila» degan. Ya’ni, haj qilishlik farz bo‘ladi, kimning qudrati yetsa. Aslida «istato‘a» so‘zi keng ma’no. U nafaqatgina qodir, masalan, iqtisodiy qodir bo‘lsa, jismoniy qodir bo‘lsa, yo‘li ochiq bo‘lsa, navbati kelsa, hamma sharoitlari bo‘lib turgan odamga farz. Lekin, aytaylik, sog‘ligi yaxshi emas, mablag‘i yo‘q, navbati kelmayapti – bu odamga haj farz emas. Agar bu odam haj amalini bajarmasa, gunohkor bo‘lmaydi», - deydi muftiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, haj amalining mohiyati — Allohning amrini ado etib, gunohdan poklanishdir. Biroq Alloh har bir bandasidan faqat o‘z qudrati doirasidagi amallarni talab qiladi. Shuning uchun faqat sharoiti to‘liq yetarli bo‘lgan inson hajni a etishi lozim.

«Endi savol beruvchining savoliga kelsak, o‘zi aytaylik, o‘sha transportda borishlikka imkoniyati yo‘q, mablag‘i yo‘q bo‘lsa ham, hozir shunaqa bo‘lib qolyaptiki, "men yayov ketaman yoki bo‘lmasa velosipedda ketaman, yoki boshqa ulovlarda ketaman", degan gaplar bo‘lyapti. Bizning Hanafiy mazhabimiz ulamolari, xususan, Imomi A’zam rahmatullohi alayhi yayov, piyoda hajga borishlikni makruh, deganlar. Nima uchun bunday desa, odam piyoda yurganda toliqadi, charchaydi va asabi buziladi, natijada ibodatdan malollanadi. Hatto Payg‘ambarimiz alayhissalotu vassalom o‘zlari o‘sha safarga, umraga chiqqanlarida bir odamning piyoda charchab ketayotganini ko‘rib: "Bu nima holat?" – deganda, "Bu odam mana shunday piyoda ketishlikni nazr qilgan ekan", deganlarida, "Nazrdan qaytsin", deganlar. Bunaqa qilib Alloh taoloning huzuriga borilmaydi, markabga minsin, ya’ni ulovga minsin, deb tanbeh bergan ma’nodagi hadislari bor. Shuning uchun ulamolar aytadiki, odam o‘zini mashaqqatga qo‘ymasligi kerak», - deydi O‘zbekiston bosh muftiysi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar islom dini mashaqqat ustiga qurilmaganini qo‘shimcha qildi.

«Dinimiz, azizlar, mashaqqat ustiga qurilmagan. Dinda mashaqqat yo‘q, hech bir mashaqqat yo‘q. Agar qodir bo‘lmasa, bormasin. Lekin hozir piyoda borsa, aytaylik, yoki velosipedda borsa, to‘g‘risi, yo‘llarda tilamchilik qilyapti, yo‘llarda odamlardan pul so‘rayapti. Bu narsalar aslo durust bo‘lmaydi. Shuning uchun hozir imkoniyatlar, alhamdulillah, ochildi. Mana hajga bo‘lsin, umraga bo‘lsin, bemalol xohlasa, aytaylik, davlat tomonidan, Diniy idora tomonidan, xohlasa ruxsat etilgan, litsenziyasi bor bo‘lgan sayyohlik firmalaridan bemalol umraga borsa bo‘ladi. Shuning uchun biz mana bunday o‘zini qiynab, mashaqqat-mushkul bilan chiqmoqchi bo‘lganlarni bu yo‘lda bormasliklarini tavsiya qilib qolamiz”, - dedi muftiy.

Teglar

Mavzuga oid