add

Pokiston sudi Imron Xonga yana 17 yil qamoq jazosi berdi

Bugun 16:552831 daqiqa

Mamlakat sobiq bosh vaziriga sud qarori bilan berilgan ushbu muddat amaldagi jazolarga qo‘shimcha hisoblanadi.

Pokiston sudi Imron Xonga yana 17 yil qamoq jazosi berdi

Pokiston sudi mamlakatning sobiq bosh vaziri, «Adolat uchun harakat» partiyasi asoschisi Imron Xonni korrupsiya ishi bo‘yicha yana 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Shu ish doirasida Imron Xonning rafiqasi Bushra Bibi ham 17 yillik qamoq jazosiga hukm etildi. Sud qarorida jazo tayinlashda Imron Xonning yoshi va Bushra Bibining jinsi inobatga olingani, shu omillar sabab jazo nisbatan yengillashtirilgani qayd etilgan.

Tergov materiallariga ko‘ra, 2021 yil may oyida Imron Xon Saudiya Arabistoni hukumatidan zeb-ziynat buyumlarini sovg‘a sifatida olgan, ammo ularni davlat omboriga topshirmasdan, shaxsiy mulki sifatida saqlab qolgan. Shu bilan birga, u ushbu buyumlar uchun ularning bozor qiymatidan taxminan 14 barobar kam mablag‘ to‘lagani aytilmoqda.

Sud Xonni bir nechta moddalar, jumladan, xizmat vakolatini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha aybdor deb topdi. Er-xotin jarimaga ham tortildi. Agar jarima to‘lanmasa, qamoq muddati yana uzaytirilishi mumkin.

Pokiston axborot vaziri Attaulla Tararning ma’lum qilishicha, yangi 17 yillik muddat avval tayinlangan jazo tugagandan keyin hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yanvar oyida sud Imron Xonni korrupsiya ishi bo‘yicha 14 yilga, uning rafiqasini esa 7 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

«Adolat uchun harakat» partiyasi yangi hukmni qoralab, qaror ishonchli dalillarga asoslanmaganini bildirdi. Imron Xon esa avval ham bir necha bor uni hokimiyatdan chetlatish tashqi kuchlar bilan kelishuv orqali amalga oshirilganini ta’kidlab kelgan.

Teglar

Mavzuga oid