
Pokistonda yomg‘ir toshqinlari qurbonlari soni qariyb ming nafarga yetdi
15.09.2025 | 14:0042574
Musson yomg‘irlari sabab kelib chiqqan toshqinlar oqibatida qishloq xo‘jaligi yerlari va infratuzilmalar katta zarar ko‘rdi. Millionlab aholi esa o‘z turur-joylaridan evakuatsiya qilindi.

2025 yil 26 iyundan beri Pokistonda kuzatilayotgan yomg‘ir va toshqinlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 985 nafarga yetdi. Ular ichida 504 kishi Xayber-Paxtunxvada, 287 kishi Penjabda, 80 kishi Sindda, qolganlari esa Gilgit-Baltiston, Azad Kashmir, Belujiston va Islomobodda qayd etilgan.
Faqat Penjabning o‘zida avgust oxiridan beri 104 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mln nafar aholiga ta’sir ko‘rsatgan va minglab gektar yerlar suv ostida qolgan. Hindiston dambalarida suv quyilishi natijasida Ravi, Chenab va Sutlej daryolarida suv sathi keskin ko‘tarilgan edi. Hozirda esa u yerlarda suv pasayib, oqim Sind tomonga harakatlanmoqda.
Sinddagi asosiy suv inshootlaridan biri — Guddu to‘g‘onida suv sathi 635 ming kub fut/soniyadan oshgan. 15 sentyabrga qadar bu ko‘rsatkich 700 mingga yaqinlashishi kutilmoqda. Hokimiyat oy oxirigacha suv oqimlari orqali toshqinlar Arab dengizi sari yo‘nalishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Panjnadda suv sathi hali ham yuqori, ammo pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Indus daryosidan suv oqimi 17–18 sentyabrda Sukkur to‘g‘oniga yetib borishi, 24–26 sentyabrda esa Kotri to‘g‘onida 400–450 ming kub fut/soniya ko‘rsatkichga chiqishi kutilmoqda.
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, suv toshqinlari sabab Penjabdagi 51 ta podstansiya va 543 ta elektr tarmoq fiderlari ishdan chiqqan. Hozirgacha ularning yarmidan ko‘pi qayta tiklangan.
Mutaxassislar bu ofatni 2022 yilgi halokatli toshqinlar bilan qiyoslashmoqda. O‘shanda mamlakatning uchdan bir qismi suv ostida qolgan, 1,7 mingdan ziyod odam halok bo‘lgan va iqtisodiy zarar 30 mlrd dollardan oshib ketgan edi. Pokiston dunyo bo‘yicha gaz chiqindilarining 1 foizigagina mas’ul bo‘lsa-da, iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan mamlakatlar qatorida turibdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev musson yomg‘irlari va ko‘chkilarda halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, Pokiston prezidenti Asif Ali Zardari va bosh vazir Shahboz Sharif nomiga ta’ziya yo‘llagan edi.





