
Polimer mahsulotlar eksportiga imtiyozlar joriy etildi
18.08.2025 | 15:1514712
O‘zbekistonda etilen va propilen polimerlaridan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan va aniq texnik parametrlar asosida olib kiriladigan polietilen granulalari uchun 2025 yil 1 sentyabrdan 2028 yil 1 yanvargacha aksiz solig‘i nol stavkada qo‘llanadi.
Shuningdek, ayrim etilen va propilen polimerlarining birlamchi shakllarini import qilishda bojxona boji ham shu muddatgacha nol stavkada belgilanadi. Bu tartib etilen polimerlari uchun 3901 10 900 0, 3901 30, 3901 40 kodlari hamda propilen polimerlari uchun 3902 10 000 0 kodini o‘z ichiga oladi.
Qarorga muvofiq, respublika hududiga sifatsiz va kontrafakt egiluvchan qadoq mahsulotlarining kirib kelishiga qarshi qo‘shimcha choralar ko‘riladi. Bunda eks-offitsio prinsipi asosida bojxona va nazorat organlari nazorati kuchaytiriladi.
Tadbirlar mahalliy korxonalarning xomashyo ta’minotini yengillashtirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.





