
Polsha O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlashni boshlashi mumkin
10.09.2025 | 09:0045053
Sentyabrda polyak kompaniyasi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurib, aniq loyihalar bo‘yicha muzokaralar olib boradi.

Polshaning «New Energy Transfer Group» va «Gulf Energy Efficiency» kompaniyalari O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari va mazkur kompaniyalar bosh direktori Aleksandra Vidux bilan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qattiq va suyuq chiqindilarni qayta ishlash, kanalizatsiya tizimlarini samarali boshqarish, qishloq va suv xo‘jaligi, xususan baliqchilik sohalarida o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalasi muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida 2025 yil sentyabr oyida kompaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olingan.
«New Energy Transfer Group» Polshada suvni tozalash va energiya samaradorligi sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya o‘zining 30 yildan ortiq tajribasiga tayangan holda, innovatsion texnologiyalarni ixtiro qilish va rivojlantirish, muhandislik va konsalting xizmatlari ko‘rsatish bilan birga ishlab chiqarish, xarid, qurilish, ekspluatatsiya va xizmat ko‘rsatish sohalarida ham samarali yechimlarni taqdim etadi.
Kompaniya Polsha, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Xorvatiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA, Qatar, Kuvayt, Indoneziya va Malayziyada 100 million AQSH dollaridan ziyod umumiy qiymatga ega bo‘lgan 60 ga yaqin yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan.





