
Poytaxtda havo sifati inson salomatligi uchun o‘ta xavfli darajaga chiqdi
Toshkent IQAir portalida havo ifloslanishi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni qayd etmoqda.

Toshkentda havo sifati yana keskin yomonlashdi. O‘zgidrometning avtomatlashtirilgan monitoring stansiyalari qayd etishicha, 20-noyabr kuni soat 09:00 holatida Toshkent shahrining atmosfera havosidagi PM2,5-mayda dispersli zarrachalar miqdori 202 mkg/m3 ni tashkil etmoqda. Bu ruxsat etilgan me’yorlardan (60 mkg/m3) 3.4-marta yuqori.
IQAir portalida ham Toshkentdagi havo sifati inson salomatligi uchun o‘ta xavfli darajadagi ko‘rsatkichda turibdi.
O‘zgidromet havo ifloslanishini: «Ko‘rsatkichlarning oshishiga harorat o‘zgarishi ham sabab bo‘lgan. Haroratning keskin o‘zgarishi inversiya jarayonini keltirib chiqaradi, bu esa mayda zarrachalarning to‘planishiga va atmosfera havosidagi kontsentratsiyasining oshishiga olib keladi», — deya izohlamoqda.
Shuningdek, O‘zgidromet respublikamiz aholi va mehmonlaridan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ramoqda. Jumladan, ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lmaslik, niqobdan foydalanish, ayniqsa keksa insonlar, bolalar va nafas yo‘llari kasalliklari bor shaxslar uchun ehtiyotkorlik muhim ekani tavsiya etildi.





