add

Prezident 10 kunlik favqulodda holat e’lon qildi

30.09.2025 | 19:2048313

O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimini yo‘qotishsiz tashkil etish maqsadida 10 kunlik favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda 26 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Prezident 10 kunlik favqulodda holat e’lon qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev muammoli hududlarda operativ shtablar tuzish, paxtani sifatli yig‘ish va fermerlarning dolzarb muammolarini zudlik bilan hal qilishni topshirdi. Shuningdek, prokuratura organlariga hisobotlarning haqqoniyligini ta’minlash, soxta raqamlarga yo‘l qo‘ymaslik va pul to‘lovlarini nazorat qilish vazifasi yuklandi. Joriy yilda mamlakat bo‘ylab 875 ming gektar maydonga paxta ekilib, 3,7 mln tonna xomashyo yig‘ib olish shartnomalari tuzilgan. Yalpi terimda 1600 dan ortiq paxta terish mashinalari ishtirok etmoqda, fermerlar arzon narxlarda yoqilg‘i va o‘g‘itlar bilan ta’minlangan. Shu bilan birga, Samarqand, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida yig‘im-terim sur’ati qoniqarsiz deb baholandi. Qishloq xo‘jaligi davlat qo‘llab-quvvatlash fondi direktori Abdurashid Isroilovning ta’kidlashicha, endi terimchilar pulni har kuni maydonning o‘zida naqd oladi. Buning uchun fond mablag‘lari va tijorat banklari imkoniyatlari jalb etilmoqda. Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Saidkarim Nishonbayev esa jamoat tartibini ta’minlash, texnika xavfsizligi va terilgan paxtani qabul punktlariga yetkazishda nazorat kuchaytirilishini bildirdi. Mamlakat bo‘ylab 418 qabul punkti qo‘riqlanmoqda, barchasi yagona elektron tarozilarga ulanib, raqamlashtirilgan. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, texnika orqali yig‘ilgan paxtaning har kilosiga 1373 so‘m, qo‘lda yig‘ilganiga esa o‘rtacha 2000 so‘m to‘lanadi. Fermerlar davlat byudjeti hisobidan har kiloga 1000 so‘m subsidiya oladi.

Teglar

Mavzuga oid