
Prezident Administratsiyasida islohotlar: AOKA tugatilmoqda
14.07.2025 | 16:1516225
Prezident Administratsiyasi tizimida 284 ta lavozim qisqartirilib, 5 ta ustuvor sohada islohotlar boshlandi. Jumladan, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) faoliyati tugatiladi. Uning o‘rnida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Prezident Administratsiyasining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi.
Yangi Farmonga muvofiq, 284 ta lavozim qisqartirilib, 5 ta ustuvor sohada islohotlar boshlandi.
Tashkiliy o‘zgarishlar natijasida Administratsiya va unga qarashli tashkilotlarda 284 ta shtat birligi qisqartirildi. Takrorlanuvchi vazifalar optimallashtirildi va yangi formatda faoliyat yuritish maqsad qilindi.
Islohotlar doirasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tugatilib, uning o‘rnida Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markaz tashkil etiladi.
Yangi markaz zamonaviy axborot texnologiyalari asosida milliy mediamazmun yaratish va aholiga yetkazishga mas’ul bo‘ladi. Shu orqali davlat axborot siyosatida strategik yondashuv va yuqori sifatli kontent yaratish maqsad qilingan.
Shuningdek, davlat idoralari jamoatchilik oldidagi hisobdorligini kuchaytirish maqsadida matbuot kotiblari instituti yanada mustahkamlanmoqda. Yangilangan tizimda aholi bilan doimiy muloqot va ommaviy axborot vositalari bilan shaffof aloqalarni yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Prezident Administratsiyasi faoliyatida endi har qanday normativ-huquqiy hujjat va loyiha tegishli ilmiy-tahliliy institutlar, olimlar va ekspertlar tavsiyalari asosida ishlab chiqiladi. Bu me’yoriy jarayonlarda asoslilik va xolislikni ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, loyihalar maxsus ofislar orqali amalga oshiriladi, komplayens tizimi joriy qilinib, ijro intizomi, shaffoflik va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha samarali nazorat o‘rnatiladi.
Farmonga muvofiq, Administratsiya faoliyatida beshta ustuvor yo‘nalish — ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari asosiy e’tibor nuqtasi sifatida belgilandi. Mazkur sohalarda islohotlarni muvofiqlashtirish uchun Prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar tayinlash vakolati berildi.
Shuningdek, Prezidentning strategik rivojlanish va tashqi siyosat masalalari bo‘yicha yangi maslahatchi lavozimlari joriy etildi. Qator yangi departamentlar — moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizm, jamoat xavfsizligi, qonun ustuvorligi hamda kommunikatsiya yo‘nalishlarida tashkil etildi.
Yana bir muhim jihat — yig‘ilishlar, hududlarga tashriflar va tadbirlar uchun tahliliy kontent tayyorlovchi maxsus tuzilmalar tashkil qilindi.





