add

Prezident Administratsiyasida navbatdagi o‘zgarishlar: kim lavozimini saqlab qoldi, kim ko‘tarildi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari bilan Prezident Administratsiyasida bir qator yuqori lavozimlarga yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu safargi rotatsiyada 13 nafar mutasaddi rahbar yangi vazifalarga o‘tdi yoki lavozim darajasini o‘zgartirdi.

Prezident Administratsiyasida navbatdagi o‘zgarishlar: kim lavozimini saqlab qoldi, kim ko‘tarildi?
Xususan, Kamoliddin Mardonov Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar agrar sohada daromadlarni ko‘paytirish va suvdan oqilona foydalanish tashabbuslari bilan shug‘ullangan sho‘’baga rahbarlik qilgan. Shu departamentda yana ikki tayinlov amalga oshirildi: Ulug‘bek Xanayev bosh yuriskonsult sifatida boshliq o‘rinbosari, Eldor Hamroyev esa shunchaki o‘rinbosar etib tasdiqlandi. Har ikkisi ham huquqiy va mulkiy munosabatlar sohasidan kelgan kadrlardir. Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamentda Aziz Azimov birinchi o‘rinbosar, Sergey Gordeyev esa o‘rinbosar lavozimlariga tayinlandi. Ular Prezident Administratsiyasida xavfsizlik, ichki ishlar va axborot texnologiyalari sohalarida ish tajribasiga ega rahbarlardir. Kommunikatsiyalar departamentida esa bir yo‘la uch nafar o‘rinbosar tayinlandi: Gulruxsor Xatamova, Farrux Omonov va Rustam Mirzayev. Ular mos ravishda jamoat fikri, OAV bilan aloqalar, mafkuraviy ishlar bilan shug‘ullanib kelgan. Shuningdek, Yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash departamentiga ham ikki nafar yangi o‘rinbosar keldi — Fathiddin Muxiddinov va Xusniddin Xashimov. Ikkalasi ham Administratsiyaning axborot va rejalashtirish sohalarida faoliyat yuritgan mutaxassislardir. Tashqi aloqalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosarligiga O‘lug‘bek Normatov tayinlandi. U avvaldan jamoat fikrini tahlil qilish sohasida yetakchi konsultant sifatida ishlagan. Shuningdek, Boshqaruv samaradorligi agentligi rahbari vazifasini vaqtincha bajarish Ulug‘bek Xusainov zimmasiga yuklatildi. U hududlar bilan hamkorlikni tahlil qilish departamentidagi tajribasi bilan tanilgan. Oybek Umarov esa Prezident Administratsiyasi ishlar boshqaruvchisining o‘rinbosari bo‘ldi. U avval moliyaviy va xo‘jalik ishlariga mas’ul bo‘lgan. Bu tayinlovlar Prezident Administratsiyasining turli yo‘nalishlarida kadrlar siyosatini yangilash va samaradorlikni oshirish maqsadida amalga oshirildi.

Teglar

Mavzuga oid

Prezident Administratsiyasida navbatdagi o‘zgarishlar: kim lavozimini saqlab qoldi, kim ko‘tarildi? | Vaqt.uz