
Prezident: «Bahorda ekilgan 27,5 mln ko‘chat quridi»
27.09.2025 | 13:0011854
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hududlarda paxta yig‘imi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari hamda «Yashil makon» dasturi ijrosi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda «Yashil makon» dasturi ijrosi muhokama qilindi. Davlat rahbarining qayd etishicha, bahor faslida ekilgan 137 million ko‘chatdan 27,5 million tup qurib qolgan. Sabab — bahor va yoz orasida issiq tez kuchayib, ko‘chatlar qayoqqa ilashishiga ulgurmagan.
Shu bois kuzda ekish hajmi oshiriladi: joriy kuz mavsumida 125 million tup daraxt-buta, kelasi bahorda yana 75 million tup ekish rejalashtirildi. Sug‘orish tizimi mavjud emas yoki yetarli bo‘lmagan maydonlarga ko‘chat ekilmasligi qat’iy talab qilinadi. Bu orqali suv sarfi optimallashtirilib, yashillashtirish samarasi oshiriladi.
Urbanizatsiya tezlashayotgan sharoitda shahar va viloyat markazlarida yashillik ulushini ko‘paytirish ustuvor vazifa sifatida belgilab qo‘yildi. Olimlar, urbanistlar va ekologlar ishtirokida Toshkent hamda Nukus shaharlari, barcha viloyat markazlari uchun «yashil» master rejalar ishlab chiqiladi. Ushbu hujjatlar ko‘chat turlarini tanlashdan tortib, sug‘orish, parvarish va monitoring standartlarigacha aniq yo‘riqnomalarni qamrab oladi.
Bundan tashqari, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikka to‘xtalar ekan, davlat rahbari ta’lim muassasalari va uy-joy fondidagi kamchiliklarni bartaraf etish zarurligini qayd etdi. Jizzax va Surxondaryodagi qozonxonalar ta’miri tugallanmagani tanqid qilindi. Mutasaddilar ikki hafta ichida barcha infratuzilmalarni mavsumga tayyorlab qo‘yishi shartligi ta’kidlandi.
Yoqilg‘i ta’minotiga alohida e’tibor qaratildi: aholiga 55 ming tonna ko‘mir yetkazilgan bo‘lsa-da, omborlardagi 27 ming tonna hali tarqatilmagan. Shuningdek, 330 ming tonna suyultirilgan gazni uzluksiz yetkazish vazifasi qo‘yildi. Gaz va elektr ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun shaxsiy javobgarlik belgilandi.





