
Prezident bir guruh tadbirkorlarni mukofotladi
18.08.2025 | 11:2540653
Ular orasida Jahongir Ortiqxo‘jayev, Zafar Hoshimov, Ulug‘bek Rustamov va yana qator tadbirkorlar yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish va aholi bandligini ta’minlashda alohida hissa qo‘shgan tadbirkor va mutaxassislar faxriy unvonlar va orden-medallar bilan mukofotlandi.
«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor» unvoni «Sam Antep Gilam» ta’sischisi Kamol Abdulloyev, «Uztex» guruhi rahbari Farhod Mamatjanov, «Anglesey Food» kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov hamda boshqa bir qator ishbilarmonlarga berildi. Shuningdek, professor G‘appor Rahmonberdiyev «Xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator» unvoniga sazovor bo‘ldi.
«Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni «Akfa Group» asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayevga topshirildi. «Mehnat shuhrati» ordeni esa «Chartak Mineral Water» ta’sischisi Bahodir Abdurayimov va «Leichter Kamalak Textilien» rahbari Dilshod Bobojonov kabi tadbirkorlarga berildi.
Bundan tashqari, «Do‘stlik» ordeni bilan bir qator tadbirkorlar, jumladan, «Grand Pharm Trade» ta’sischisi Azizxo‘ja Abbosxo‘jayev, «Shakhrisabz Med Center» rahbari Temur Abidov va «TBC Uzbekistan» banki bosh direktori Nikoloz Kurdiani taqdirlandi.
Farmonga asosan, «Shuhrat» medali bilan ham yirik korxona rahbarlari, fermerlar va innovatsion loyiha mualliflari mukofotlandi. Prezident tadbirkorlarning mamlakat iqtisodiyoti va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini alohida e’tirof etdi.





