
Prezident bitiruvchilarga: «Yoshlarimiz yangi O‘zbekiston poydevoriga beqiyos hissa qo‘shadi»
24.05.2025 | 09:0044234
Prezident Shavkat Mirziyoyev 450 mingdan ortiq maktab bitiruvchisiga tabrik yo‘lladi. U yoshlardan o‘z kuchiga ishongan, olijanob va fidoyi insonlar bo‘lib, el-yurt ravnaqi uchun mehnat qilishini kutmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat bo‘ylab o‘qishni tamomlayotgan 450 mingdan ziyod maktab bitiruvchisini tabrikladi. 24 may kuni 10 mingdan ortiq maktabda «so‘nggi qo‘ng‘iroq» marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari yoshlarni mustaqil hayot ostonasida tinchlik va taraqqiyot uchun mas’uliyatli fuqarolarga aylanishga da’vat etdi.
«Shuni aslo unutmang, odamzot hayotda munosib o‘rin topishi, el-yurtning hurmati va e’tiboriga sazovor bo‘lishi uchun milliy va umuminsoniy qadriyatlarni egallab, doimo oldinga intilib yashashi, izlanish va o‘rganishdan aslo to‘xtamasligi kerak», — deyiladi davlat rahbarining tabrigida.Prezident kelajak rejalarini tuzayotgan o‘g‘il-qizlarga ulkan kuch-g‘ayrat, omad va muvaffaqiyatlar tiladi. Uning ta’kidlashicha, bu yil 11 500 dan ziyod bitiruvchi maktabni oltin, 2 000 nafardan ziyod o‘quvchi esa kumush medal bilan yakunlamoqda. Shavkat Mirziyoyev yoshlarga murojaatida mamlakatda yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘la foydalanish, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida kamol topish, har sohada el-yurt manfaatlarini himoya qilish zarurligini ta’kidladi. U izlanish, o‘rganish va halol mehnat inson hayotini fayzli va nurli etadi, deb ta’kidladi. Prezident, shuningdek, yoshlar tomonidan amalga oshiriladigan yangi g‘oya va tashabbuslar Yangi O‘zbekiston poydevoriga beqiyos hissa qo‘shishini qayd etdi.
«Aminman, sizlarning yangi g‘oya va tashabbuslaringiz, turli sohalardagi yutuqlaringiz Yangi O‘zbekistonni yanada qudratli etadigan moddiy va ma’naviy asoslarni barpo etishga beqiyos hissa bo‘lib qo‘shiladi. Sizlardek o‘z kuchiga ishongan, qat’iyatli yoshlardan qadrdon maktabingiz, aziz ustozlaringiz va ota-onalaringiz, butun xalqimiz faqat ezgu ishlar va yorqin natijalar kutadi», — deyiladi Shavkat Mirziyoyev tabrigida.U bitiruvchilarga doimo yuksak ishonchga munosib bo‘lish, yangilik yaratishdan charchamaslik haqidagi murojaat bilan yakunladi.





