add

Prezident ishtirokida 11 mlrd dollarlik energetika loyihalari ishga tushirildi

Bugun 13:412202 daqiqa

Energetika sohasidagi qator yirik ob’ektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida 11 milliard dollarga teng 42 ta yangi quvvat va infratuzilma ob’ekti foydalanishga topshiriladi.

Prezident ishtirokida 11 mlrd dollarlik energetika loyihalari ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida energetika sohasidagi qator yirik ob’ektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tmoqda. Unda qiymati qariyb 11 milliard dollarga teng 42 ta yangi quvvat va infratuzilma ob’ekti foydalanishga topshirilishi, shuningdek, yana 21 ta yirik loyiha qurilishiga start berilishi ma’lum qilindi.

Marosimda ta’kidlanishicha, mamlakatning turli hududlarida umumiy quvvati 3 500 megavatt bo‘lgan 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidroelektr stansiya ishga tushiriladi. Ushbu ob’ektlar to‘liq quvvat bilan ishlaganda yillik elektr ishlab chiqarish 15 milliard kilovatt-soatga yetadi. Bu kelgusi yilda «yashil» energiya hajmini 23 milliard kWh'ga yetkazish imkonini beradi. Prezidentning ta’kidlashicha, bunday ko‘lamdagi ishlanmalar mamlakat aholisining yillik elektr iste’molini to‘liq qoplash imkonini beradi.

Yangi quvvatlar ishga tushirilishi natijasida tabiiy gaz iste’moli qariyb 7 milliard metr kubga kamayadi, atmosferaga chiqadigan zararli moddalar miqdori 11 million tonnadan ortiq qisqaradi. Shu bilan birga, 1 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimi ham ishga tushirilayotgani ma’lum qilindi. Ushbu tizimlar yuqori talab davrlarida qo‘shimcha 1,5 milliard kilovatt-soat elektrni tarmoqqa uzatish imkonini yaratadi.

Shuningdek, 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari ishga topshirilib, butun tizimning barqaror va uzluksiz ishlashi ta’minlanadi. Prezident o‘z nutqida kelgusi besh yilda 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, minglab sanoat va infratuzilma ob’ektlarini ishga tushirish orqali yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishini qayd etdi.

Aholi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida «Yangi O‘zbekiston» massivlari va boshqa hududlarda 800 mingdan ziyod energiya tejamkor xonadonlardan iborat ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, IT, sun’iy intellekt va «buyumlar interneti» yo‘nalishidagi kompaniyalar faoliyati uchun zamonaviy superkompyuter klasterlari va data-markazlar soni ko‘paytiriladi.

Ayni paytda Saudiya Arabistonining «Data-volt» kompaniyasi 3 milliard dollar sarmoya evaziga 500 megavatt quvvatli yirik data-markaz barpo etish ishlarini boshlagan. Prezident mazkur keng ko‘lamli rivojlanishlar kelgusi yillarda elektr energiyasiga bo‘lgan talabni kamida 1,5 baravar oshirishini ta’kidladi va yaqin kelajakda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Teglar

Mavzuga oid