add

Prezident: «Jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz!»

Bugun 13:541931 daqiqa

Shavkat Mirziyoyev jinoiy to‘dalar iqtisodiyot va jamiyatga tahdid ekanini ta’kidlab, ularga barham berilishini ochiq bildirdi.

Prezident: «Jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz!»

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida jinoiy to‘dalar faoliyatiga nisbatan keskin va prinsipial munosabat bildirdi. Davlat rahbari so‘nggi paytlarda qonunni pisand qilmay, o‘zini qonundan ustun qo‘yayotgan ayrim jinoiy guruhlar faollashganini ochiq tanqid qildi.

Prezidentning ta’kidlashicha, bunday to‘dalar tadbirkorlarga bosim o‘tkazib, ularning biznesini egallab olishga urinib, mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Shuningdek, ular tomonidan murakkab moliyaviy jinoyatlar sodir etilayotgani, ayrim shaxslar esa o‘zini «qozi» deb hisoblab, odamlar o‘rtasidagi oldi-berdi munosabatlariga noqonuniy ravishda aralashayotgani qayd etildi.

Murojaatnomada aytilishicha, «oson pul topish» illyuziyasi ortidan ayrim sportchilar ham jinoiy guruhlar domiga tushib qolmoqda. Bu esa nafaqat alohida shaxslar taqdiri, balki jamiyat xavfsizligi uchun ham jiddiy xavf sifatida baholandi.

Eng tashvishli jihat sifatida, O‘zbekiston fuqarolaridan iborat ayrim jinoiy to‘dalarning chet davlatlarda ham faoliyat yuritayotgani tilga olindi. Prezidentning ta’kidlashicha, bunday holatlar mamlakatning xalqaro nufuzi va imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

“Hamma eshitib olsin: bunday jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz!”, deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shu bilan birga, Prezident O‘zbekistonda fuqarolar, tadbirkorlar va investorlarni har qanday sharoitda himoya qiladigan mustahkam davlat tizimi, Konstitutsiya va qonunlar mavjud ekanini alohida qayd etib o‘tdi.

Teglar

Mavzuga oid