
Prezident Jizzax viloyatini rivojlantirish to‘g‘risida qaror imzoladi
Prezident qarori bilan 2026–2027 yillarda Jizzax viloyatida iqtisodiy o‘sish, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish choralari belgilandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning «2026–2027 yillarda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, hududni barqaror rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Qarorda Jizzax viloyati iqtisodiy salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlar belgilab berilgan. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmini yillik o‘rtacha 8,5 foizga, sanoat ishlab chiqarishni 7,8 foizga, bozor xizmatlarini 13,2 foizga va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni 4,6 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Ijtimoiy sohadagi rivojlantirish
Ijtimoiy sohada esa ishsizlik va kambag‘allik darajasini sezilarli kamaytirish ko‘zda tutilmoqda. 2026 yilda ishsizlik darajasini 3 foizga, kambag‘allik darajasini esa 2,8 foizga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Jizzax shahri, Sharof Rashidov, Baxmal, G‘allaorol, Do‘stlik, Zomin va Zafarobod tumanlarini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududlarga aylantirish maqsad qilingan.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish doirasida Baxmal, G‘allaorol, Zomin, Forish va boshqa tumanlardagi 57 ta bog‘dorchilikka ixtisoslashgan mahallalarda 5 ming gektar eski bog‘ va tokzorlarni yangilash belgilandi. Bu orqali mahsulot hajmini oshirish va aholi daromadlarini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Sharof Rashidov, Do‘stlik, G‘allaorol, Arnasoy va Zafarobod tumanlarida 40 ta mahallani qamrab oladigan 5 ta tadbirkorlik markazi tashkil etiladi. Qarorga ko‘ra, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani o‘rtasidagi 40 gektar bo‘sh yer maydonida Yangi Jizzax shahri barpo etilib, unda 1 200 xonadonli 50 ta ko‘p qavatli uylar quriladi.





