
Prezident kapital bozori va bank islohotlarini jadallashtirish vazifasini qo‘ydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kapital bozorini rivojlantirish va bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni kapital bozorini yanada rivojlantirish hamda bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda muomaladagi qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati 275 trln so‘mni tashkil etmoqda. Birjada erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar hajmi 4 trln so‘mga yetgan, bozorda 717 ta emitent va 77 ta professional ishtirokchi faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, kapital bozorining kapitallashuvi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20 foizni tashkil etib, jahon ko‘rsatkichlaridan ancha past ekani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan mahalliy kapital bozoriga kamida 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Xususan, mahalliy va xorijiy fond birjalarida qimmatli qog‘ozlarni xalqaro standartlar asosida joylashtirish — «dual listing» amaliyotini joriy etish, valuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar, xorijiy qimmatli qog‘ozlar hamda birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda «tartibga solish qumdoni» huquqiy rejimini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu mexanizmni nafaqat norezidentlar, balki rezidentlar uchun ham tatbiq etish, xorijiy investorlar uchun uni muddatsiz amal qildirish hamda chet el kompaniyalarining aksiya va obligatsiyalari bilan savdo qilishga ruxsat berish taklif etildi.
Mahalliy investorlarni bozorga faol jalb etish maqsadida kompaniya va banklarga «Toshkent» fond birjasida xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish orqali tashqi bozorga chiqmasdan turib valuta mablag‘larini jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ta’minotsiz obligatsiyalar chiqarish orqali obligatsiyalar bozorini kengaytirish mumkinligi ta’kidlandi.
Bank sohasidagi islohotlar doirasida so‘nggi yetti yilda tijorat banklari aktivlari 5,3 barobar o‘sib, 877 trln so‘mdan oshgani, banklar soni 35 taga yetgani qayd etildi. O‘zbekiston ilk bor Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirok etdi.
Baholash natijalariga ko‘ra, kelgusi yilda moliya sektorini Bazel qo‘mitasining samarali bank nazorati bo‘yicha 29 ta asosiy tamoyiliga to‘liq moslashtirish, Bazel III standartlarini joriy etish va Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish belgilandi.
Davlat rahbari kapital bozori va bank sohasidagi islohotlar iqtisodiyotni barqaror moliyalashtirish, xususiy sektor ulushini oshirish hamda xalqaro investitsiyalarni faol jalb etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.





