add

Prezident murojaati, tintuv qilingan aholi uyi, odam ustiga qulagan rasta, uy oldidagi pullik parkovka — hafta dayjesti

Bugun 18:256 daqiqa

2025 yilning so‘nggi haftasi ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.

2025 yil ham yakuniga yetib bormoqda. Bu haftadagi eng muhim voqealardan biri Prezidentning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasi bo‘ldi. Aynan shu tadbirda davlat rahbari 2026 yilni «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilishni taklif qildi. Shu va haftaning eng muhim voqealari haftalik dayjestimizda.

  • Pullik bo‘layotgan «dom» oldidagi parkovkalar

  • Odamlar ustiga qulagan bozor rastasi

  • O‘zbek so‘mini yoqib, sigaret tutatgan xitoyliklar

  • Tintuvdan norozi samarqandliklar

Ilk o‘zbek kosmonavti koinotga uchadi

O‘zbekiston ilk bor o‘zining sun’iy yo‘ldoshi va fazogirini kosmosga uchirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida ma’lum qildi.

«Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va birinchi o‘zbek fazogirini uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik. Bu – Yangi O‘zbekistonning ilmiy, texnologik rivojlanishi, umuman milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki beradi, deb ishonch bilan ayta olaman», dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Prezident murojaatnomasi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston parlamenti va xalqiga murojaatnomasida yana bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Murojaatnomada poytaxtga ko‘p chiqindi chiqaradigan avtomobillar kirishi cheklanishi, Toshkent atrofida filtrsiz ko‘mir qozonxonalari faoliyatiga chek qo‘yilishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, maktab o‘quvchilarini zamonaviy kasblarga yo‘naltirish maqsadida «Kasblar shaharchasi» tashkil etilishi, 4 ming kilometr magistral yo‘llarni «avtoban»ga aylantirish rejasi bildirildi.

Shuningdek, «Toshkent–Samarqand» yo‘nalishida yuqori tezlikdagi poyezdlar uchun yangi liniya qurilishi hamda 2026 yilda 140 mingta kvartirali ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilishi qayd etildi.

O‘zbekiston va Qozog‘istonni G20 sammitiga taklif qilindi

AQSH prezidenti Donald Tramp Amerikada bo‘lib o‘tadigan «Katta yigirmatalik» sammitiga O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarini taklif qildi. Muhim xalqaro sammit 2026 yilning 14–15-dekabr kunlari Mayami shahrida o‘tkaziladi.

Tramp bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib, qaror O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan o‘tkazilgan telefon muloqotlaridan so‘ng qabul qilinganini bildirdi.

AQSH rahbarining ta’kidlashicha, suhbat davomida hozirgi mojarolarda tinchlikka erishish masalalari, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida savdo va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish yo‘llari muhokama qilingan.
Donald Tramp O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan munosabatlarni «juda a’lo» deb baholagan.

Eski mashinani almashtirish uchun imkoniyat

O‘zbekistonda eski transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Bu haqda Prezident Shavkat shu murojaatnomasida ma’lum qildi.

Prezidentga ko‘ra, shaharlardagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Shu bois, ekologik stikerlar tizimi joriy qilinadi va katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning shaharlarga kirishi cheklanadi.

Eski mashinalarini almashtirish yoki filtr o‘rnatishga tayyor bo‘lganlar uchun davlat tomonidan avtokredit va subsidiyalar beriladi. Shuningdek, poytaxt va yirik shaharlarda jamoat transporti rivojlantiriladi, intellektual svetoforlar tizimi joriy qilinadi, ekologik avtomobillar uchun besh yillik dastur amalga oshiriladi.

Parkovka qilish qoidalari o‘zgaryapti

Avtomobilni uy oldiga qo‘yish endilikda «kimning mashinasi bahaybatligiga qarab» emas, ruxsatnoma bilan bo‘ladi. Toshkent shahrida pulli to‘xtab turish joylarida rezidentlar uchun maxsus avtoturargoh ruxsatnomalari joriy etilmoqda.

Toshkent shahar hokimi qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1-fevraldan e’tiboran har bir turarjoy manzili uchun ko‘pi bilan ikkita rezident ruxsatnoma rasmiylashtirish mumkin. Bunda yillik to‘lov miqdori — bir bazaviy hisoblash miqdori, ya’ni hozircha 412 ming so‘m.

Ruxsatnoma rasmiylashtirmagan rezidentlar uchun soat kechqurun 20:00 dan ertalabgi 08:00 gacha — 12 soat mobaynida to‘xtab turish bepul bo‘ladi. Kunduzgi 12 soatda esa belgilangan tariflar asosida to‘lov undiriladi.

Bundan tushunish mumkinki, norezidentlar uchun tunda ham avtoturargoh pullik bo‘ladi. Yillik to‘lov qilganlarga uy atrofidan joy biriktiriladimi-yo‘qmi — hozircha aniqlik yo‘q.

Andijonda bozor rastasi tadbirkorning ustiga qulab tushdi

E’tibor bergan bo‘lsangiz, har haftalik ko‘rsatuvimizda bozor mavzusi muhokama markazida qolmoqda. Bu hafta ham istisno bo‘lmadi. Bu gal bozor yonmadi, lekin butun bozor rastasi odamlar ustiga quladi.

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi kiyim-kechak bozorida yuz bergan noxush holat ham jamoatchilik e’tiborini tortdi.

Rastaning qulashiga yog‘gan qor sabab bo‘lmagan. Tadbirkorlardan birining do‘kon oldiga qo‘lbola usulda qurib olgan rastasi talabga javob bermagani, bundan tashqari, savdo rastasining yuqori qismiga tadbirkorlar tomonidan keragidan ortiq og‘ir (qishki) kiyimlar ilingani oqibatida yuzaga kelgan.

Hodisa natijasida yuqoridagi kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 1 nafar tadbirkor tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan va zudlik bilan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Aholining uyi tintuv qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi «Matonat» MFYda renovatsiya doirasida ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgani, yangi uylar o‘rnidagi buziladigan uylar uchun kompensatsiyaga rozi bo‘lmagan fuqarolarning xonadonlarida navbati bilan tintuv o‘tkazilayotgani aytilgan video tarqaldi va e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Holatga IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov rasmiy munosabat bildirdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, «Matonat» ko‘chasidagi xonadonlarning birida giyohvandlik moddalari saqlanayotgani haqidagi tezkor ma’lumot asosida sud qarori bilan tintuv o‘tkazilgan. Tintuv davomida noqonuniy buyumlar aniqlanmagan.

«Xodimlarning harakatlari yuzasidan xonadon egalarining noroziligi haqidagi murojaatlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilib, xodimlar harakatlarida biror qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan», deyiladi munosabatda.

Yirik korrupsion sxema fosh etildi

Ko‘mir sotuvchilik ham pora berib ishga joylashadigan lavozim bo‘lib ketibdi. Sababi — qayerda imtiyoz va subsidiya bo‘lsa, o‘sha yerda korrupsiya gullab-yashnaydi. Xalqning haqini «tuya» qilib mo‘may daromad qilish mumkin.

Namanganda «Ko‘mir ta’minot» MCHJning viloyat filialida yirik korrupsion sxema fosh etildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, filial boshlig‘i o‘rinbosari fuqaroni tumanlardan biridagi ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlab qo‘yishni va’da qilgan. Evaziga — 40 ming AQSH dollari talab qilgan. Qo‘shimchasiga, omborga keladigan ko‘mir ortilgan vagonlar sonini ko‘paytirish ham «va’dalar paketi» ichida bo‘lgan.

Mansabdor so‘ralgan 25 ming dollarni oldi va lavozim tayinlovini hal qildi. Keyingi bosqichda qo‘shimcha 15 ming dollar va 30 ta vagon ko‘mir uchun 7 500 dollar talab qilindi. Huquq-tartibot organlari aralashib, nafsi hakalaklangan shaxs sudgacha qamoqqa olindi.

Sigaretga tutantiriq bo‘lgan so‘m

Hafta davomida tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan holatlardan biri xitoylik fuqarolar ishtirokida tarqalgan video bilan bog‘liq bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda uch nafar xitoylik fuqaro 2000 so‘mlik banknotani yoqib, sigaret tutatgani aks etgan video tarqaldi. Videodagi o‘zaro suhbat va tashqi belgilariga ko‘ra, ularning xitoylik ekani taxmin qilinmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, video «WeChat» ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan.

Videoda aks etgan xitoylik shaxslar Toshkent viloyatida joylashgan korxonalardan birida ishlashi ma’lum qilingan.

Ushbu holat O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra huquqiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Jinoyat kodeksining 215-moddasida davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish jinoyat sifatida belgilangan. Milliy valyutada davlat gerbi tasviri mavjud bo‘lgani bois, uni qasddan yo‘q qilish yoki haqoratlash ham mazkur modda doirasida baholanishi mumkin. Hozircha vakolatli organlar tomonidan holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirilmagan.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 11

Barchasi

Mavzuga oid